Uzbekistan Research Online — OTM ilmiy jurnallari dunyoga yuz tutmoqda
09.10.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

7-oktabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan yaratilgan O‘zbekiston Respublikasi ilmiy jurnallari retsenziyadan o‘tkaziluvchi raqamli platforma – Uzbekistan Research Online`ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur platforma universitetlarning xalqaro reytingga kirish va o‘zbek fanini keng jahon ilm olamiga tanitish imkonini beradi. Loyiha doirasida xalqaro texnik standartlarga mos keluvchi, retsenziyadan o‘tkaziluvchi yurtimiz OTMlarining ilmiy jurnallar butun dunyoning 700 dan ortiq yetakchi universitetlari tomonidan foydalaniladigan Digital Commons Network global tarmog‘iga integratsiyalashadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Elsevier kompaniyasi (Niderlandiya) o‘rtasida tuzilgan bitimga ko‘ra, kompaniya mutaxassislari tomonidan yurtimiz OTMlari ilmiy jurnallarni birlashtirgan hamda ikki marta anonim retsenziyadan o‘tkazish (double-blind peer review) konfiguratsiyasini qo‘llash imkoni mavjud bo‘lgan noyob platforma yaratildi.

Mazkur platformadan dunyoning nufuzli universitetlari foydalanadi. Xalqaro platfmorma O‘zbekiston ilmiy jurnallarining sifatini oshirish, o‘zbek fanining repozitoriyasini yaratish, yurtimiz olimlarining butun jahon ilmiy hamjamiyatga qo‘shilish imkonini beradi, xalqaro ilmiy ommaning o‘zbek tadqiqotlari bilan tanishishini ta’minlaydi hamda Scopus xalqaro standartlariga muvofiq ishlab chiqilgan dastlabki elektron resurs sifatida tarixda qoladi.

Ilmiy jurnallar retsenziyadan o‘tkaziluvchi raqamli platformaning ishga tushirilishi oliy ta’lim muassasalari ilmiy jurnallarining SCOPUS ilmiy-texnik axborotlar bazasiga kirishidagi dastlabki sezilarli qadam hisoblanadi. Vazirlik va Elsevier kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumiga ko‘ra ilmiy jurnallar bosh muharrirlarining malakasi oshirildi, nashrlarning dizayni va logotiplari yaratildi, talab etilgan ISSN raqamlarini qayddan o‘tkazilib, iqtibos keltiriluvchi meta-ma’lumotlar formatida ilmiy maqolalar repozitoriyasi yaratildi.

Uzbekistan Research Online tashkil etilishi O‘zbekiston ilm-fanining jahonga yuz tutishida strategik muhim qadam hisoblanadi, – dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov. – Bu imkoniyat oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatini oshirishga hissa qo‘shadi, ilmiy jurnallarning raqobatbardoshligini ta’minlaydi, qolaversa, mahalliy olimlarni butun dunyoga ko‘rsatish imkoniyatini beradi. Ilm-fanda xalqaro integratsiya uchun sifatli maydon yaratish orqali O‘zbekiston Markaziy Osiyoning ilm-fan va ta’lim bo‘yicha xabi aylanish sari ishonchli qadam tashladi.

Bepress Prezidenti Jan-Gabriel Bankier www.uzjournals.edu.uz platformasining ishga tushishi bilan o‘zbek olimlarning ilmiy ishlari dunyoning yigirmadan ortiq davlatlarida to‘rt yuz martaga yaqin yuklab olindi. Bu boshlanishi, xolos deya qayd etdi.

Ma’lumot uchun, Bepress – dunyo miqyosida ilmiy jurnallarning elektron platformasi, jumladan, retsenziyadan o‘tkazish konfiguratsiyalarini yaratish bo‘yicha barcha xizmatlarni ko‘rsatuvchi yetakchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya 1999-yilda tashkil qilingan bo‘lib, dastlab Berkeleypress nomi bilan tanilgan va dunyo miqyosida 1 000 dan ortiq universitetlarga xizmat ko‘rsatadi, jumladan, AQSh ning 90 foizdan ortiq universitetlarini qamrab olgan. 2017-yildan boshlab Elsevier kompaniyasi tarkibiga kiritilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq