Robototexnika xalqaro chempionati prezidenti Innovatsion rivojlanish vazirligiga minnatdorchilik bildirdi
04.10.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekiston yoshlar milliy terma jamoasi 28-29-sentyabr kunlari Donxe shahri (Koreya) da boʻlib oʻtgan Robototexnika boʻyicha xalqaro chempionatda ishtirok etdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi vakillari tomonidan shakllantirilgan jamoaning chempionatda ishtirokiga Buyuk Britaniyaning Petromaruz kompaniyasi homiylik qildi.

Milliy terma jamoa aʼzolari tibbiyotda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan “Smart doc box” loyihasini ishlab chiqib, Robo scholar yoʻnalishi boʻyicha Shavkat Abdurahmonov va Xumoyun Xaydarov 3-oʻrinni egalladilar. Shuningdek, musobaqaning soʻnggi kunida milliy terma jamoa ishtirokchilari — Zafar Sobirov va Javohir Gʻayratov “Best agriculture project” (qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha eng yaxshi mualliflik loyihasi) nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. “Robot in movie” yoʻnalishida esa “Technical award” mukofotiga sazovor boʻldi.

Oʻz navbatida, IROC (International Robot Olympiad Committee) Xalqaro robototexnika olimpiadasi qoʻmitasi Prezidenti prof. Jong-Xvan Kim Innovatsion rivojlanish vaziriga robototexnika boʻyicha Oʻzbekiston jamoasini xalqaro chempionatga puxta tayyorgarlik koʻrishlarini taʼminlagani uchun minnatdorchilik bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi va butun Markaziy Osiyo hududida yoshlarga robototexnika orqali taʼlim berish yoʻnalishini rivojlantirish borasidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Robototexnika boʻyicha xalqaro chempionat (IRO) — robototexnika sohasida har yili oʻtkaziladigan xalqaro yoshlar musobaqasi boʻlib, unda 38 ishtirokchi mamlakatdan dastlabki turlardan muvaffaqiyatli oʻtgan 500 nafardan ortiq oʻsmirlar ishtirok etadi. 2018-yilning dekabr oyida Filippinning Manila shahrida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi hamda IROC (International Robot Olympiad Committee) Xalqaro robototexnika olimpiadasi qoʻmitasi bilan imzolangan Memorandumga koʻra Oʻzbekiston IROC tarkibiga kirdi.

IROC har yili turli mamlakatlarda xalqaro chempionatlar oʻtkazadi. Donhe shahrida birinchi marta oʻtkazilayotgani bois, bu yilgi nomi ham shunga koʻra oʻzgardi — International Robot D (Donghae) Challenge (IRDC). IROCning keyingi chempionati joriy yilning dekabr oyida Taylandda boʻlib oʻtadi, unda Oʻzbekiston terma jamoasi ham faol ishtirok etishi rejalashtirmoqda.

IRDC -2019da 25 mamlakatdan jami 398 ishtirokchi qatnashdi. Tanlov shartlariga koʻra, ishtirokchilar tanlangan toifaga muvofiq belgilangan muddat ichida oʻz robotlarini yaratishdi. Oʻzbekiston terma jamoasi ikki toifada ishtirok etdi: Robo Scholar va Robot in Movie. Ishtirokchilar IROC tomonidan ilgari surilgan 5 yoʻnalishdan birini tanlab, oʻz yechimlarini namoyish qilishlari kerak edi: tibbiyot, aerokosmik texnologiyalar, yongʻin xavfsizligi, taʼlim va oziq-ovqat sanoati.

Shuningdek, Grand D Challenge chempionati hakamlaridan biri, Sungsil (Soongsli) universiteti dotsenti Kang-Xi Li ham oʻzbekistonlik ishtirokchilarning yuksak tayyorgarligini qayd etdi. Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi – Innoweek-2019 doirasidagi forumda uning maʼruzachi sifatida ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq