LBMA hamkorlar bilan birgalikda «Open Data Tashkent 2019» xalqaro konferensiyasini tashkil etdi
30.09.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2019-yil 27-sentabr kuni ICT Week — Uzbekistan 2019 AKT haftaligi doirasida Toshkent shahridagi Inha universitetida (Inha University in Tashkent) ochiq ma’lumotlar bo‘yicha Open Data Tashkent 2019 xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir Jahon banki, EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori idorasi (OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi), Davlat statistika qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, shuningdek, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki (IT-Park) ko‘magida o‘tkazildi.

Konferensiyada Agentlik direktorining o‘rinbosari V. Pak tabrik nutqi bilan so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlarning zarur bo‘lgan standartlarini yaratish, vazirlik va idoralarning axborot resurslarini optimallashtirish, davlat organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha izchil va keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini, me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirilayotganini, hamkorlar bilan birgalikda ochiq ma’lumotlar portali yangi konsepsiyasining loyihasi uni amalga oshirish uchun tegishli yo‘l xaritasi bilan birga ishlab chiqilganini ta’kidlab o‘tdi.

Bu borada ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va uni tatbiq etish, xalqaro ekspertlar hamjamiyati bilan doimiy konstruktiv muloqotni tashkil etish, shuningdek, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz reytingining o‘sishini ta’minlash va uning statistik salohiyatini oshirish muhim o‘rin tutadi.

Konferensiya doirasida, O‘zbekistonda ochiq ma’lumotlarni rivojlantirish, huquqni qo‘llash amaliyoti masalalari muhokama qilindi, ushbu sohadagi mavjud muammolar tahlil qilindi va ularni hal qilish yo‘llari taqdim etildi.

Jahon banki, EXHT, Buyuk Britaniya va Ukraina ekspertlari ma’lumotlar shaffofligini oshirish va ulardan samarali foydalanish, O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar portalini yanada takomillashtirish, shu jumladan, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha tavsiya va takliflarni bildirdilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq