Toshkent shahridagi Amiti Universitetida o‘quv yilining birinchi kuniga talabalarni qabul qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi
24.09.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

24-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-yanvar “Toshkent shahrida Amiti Universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4097-son qarori bilan tashkil etilgan Toshkent shahridagi Amiti Universitetida 2019/2020-o‘quv yili uchun talabalarni qabul qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ishtirok etib, talabalar bilan ochiq muloqat o‘tkazdi.

— O‘ylaymanki, bu Universitetda o‘qish bo‘yicha qabul qilgan qaroringiz to‘g‘riligi, Sizni kelajakda o‘z kasbining ustasi va fidoiyi bo‘lib yetishishingiz bilan albatta isbotlanadi.

Vazirligimiz, qolaversa, soha korxonalari Sizlar uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyordir, kelgusida albatta Sizlarni soha korxonalarida faoliyat yuritishingizga umid qilamiz.

Barchangizning o‘qishlaringizda omad tilayman, ustozlarimiz bergan har bir o‘gitni to‘g‘ri qabul qilib, nufuzli Universiteti talabasi sharafiga mos keladigan hulq-atvoringiz bilan barchaga namuna bo‘lasiz deb o‘ylayman, — dedi AKT vaziri Sh.Sodiqov talabalar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqatda.

Shu bilan birga, tadbirda mazkur oliy ta’lim muassasasi prezidenti Atul Chauxana boshchiligidagi Hindistonning Amiti universiteti vakillari va ushbu universitetning boshqaruv va ta’lim bo‘linmalari a’zolari ham ishtirok etdi.

Toshkent shahridagi Amiti universitetiga bakalavr darajasi uchun Axborot texnologiyalari, Muhandislik va kompyuter texnologiyalari, Iqtisod, Turizm boshqaruvi, Biznes boshqaruvi yo‘nalishlar bo‘yicha, shu bilan birga, magistrlik darajasi uchun ham qabul amalga oshirildi.

Bu yilgi kirish imtihonlari uch bosqichda va hind professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazildi, ishtirok etgan 5834 nafar abituriyentdan 500 nafarga yaqini talabalikka qabul qilindi.

Universitet uchun oldingi Aloqa kolleji binosi ajratilib, ushbu bino zamon talablariga mos ta’mirlanib, talabalarning ta’lim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Bugungi kunda Toshkentdagi Amiti Universitetida darslarni olib borish uchun, Hindistondan o‘quv tajribasi yuqori bo‘lgan 15 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi hamda xalqaro bilim darajasiga ega mahalliy professor-o‘qituvchilar jalb etilgan.

Hindistondagi Amiti Universiteti haqida 2005 yilda tashkil etilgan mazkur oliy o‘quv yurtida axborot texnologiyalari, moliya, yurisprudensiya, iqtisod va boshqa sohalarda 70 dan ortiq ta’lim dasturlari bo‘yicha 80 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.

Ta’lim muassasasining asosiy ma’muriyati Hindistonning Noida shahrida joylashgan bo‘lib, 15 ta shaharda kampuslari, shuningdek Nyu-York, London, Dubay, Singapur, va boshqa shaharlarda filiallari mavjud.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq