KISDI: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda IT sohasida eng yaxshi sharoitga ega
17.09.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Yaqinda biz Janubiy Koreyadan kelgan delegatsiyani kutib oldik. Koreya Axborot jamiyatini rivojlantirish Instituti (KISDI) va Global tadbirkorlar jamg‘armasidan tashrif buyurgan mehmonlar IT Park bilan O‘zbekiston iqtisodiyotining IT sohasiga oid qiziqarli munozara o‘tkazdilar.

KISDI – bu deyarli 30 yildan buyon Koreyaning Fan va AKT vazirligining bu yo‘nalishdagi siyosiy ishlanmalar bo‘yicha tahlil markazi vazifasini bajarib keladi. U o‘z tajribasi doirasida keng polosali aloqani rivojlantirish va chastotalarni taqsimlashdan tortib raqamli iqtisodiyot, aqlli shahar va boshlang‘ich ekotizimni rivojlantirishgacha bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining barcha sohalarini qamrab oladi. So‘nggi 8 yil davomida KISDI tashkilotidagi  xalqaro bo‘lim rivojlanayotgan mamlakatlarga maslahatlar berib, ularning AKT sohasidagi siyosatini shakllantirishga yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bu yil O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasi asosida KISDI mamlakatimizda so‘rov o‘tkazmoqda va O‘zbekistonda bizga startap ekotizimini rivojlantirish uchun yo‘l xaritasini yaratishda ko‘mak bermoqda.

IT Park ofisiga Koreyadan ikki nafar mehmon tashrif buyurdi, ular: Global tadbirkorlik jamg‘armasining tadbirkorlik masalalari bo‘yicha direktori Doktor Derik Kim va KISDI tashkilotining xalqaro hamkorlik tadqiqotlari bo‘yicha direktori Jong Sumi xonimdir. Biz O‘zbekistondagi AKT sohasining istiqbollari va uning rivojlanishida IT Park tutgan o‘rin haqida chuqur munozaralar olib bordik.

IT Park: Doktor Derik, O‘zbekistonning dastlabki bosqichlarda Markaziy Osiyoda IT respublikasiga aylanish imkoniyatlari haqidagi o‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlasha olasizmi?

Doktor Derik: Men bu yerda mamlakatingizda IT sohasining rivojlanishi va Markaziy Osiyoda IT yetakchisiga aylanishi uchun ikkita muhim omilni ko‘ryapman: sizning joylashgan o‘rningiz va bu yerda IT bo‘yicha ta’limning jadal rivojlanayotgani. Geografik jihatdan O‘zbekiston Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan aloqa qilish va birga ish olib borish uchun ajoyib imkoniyatga ega va men O‘zbekistonda ko‘plab IT universitetlari va muhandislari borligini ko‘rdim. Bundan tashqari, kelgusi yillarda siz ko‘pdan-ko‘p yosh IT muhandislarini yetishtirib chiqarayotganingizdan xabardorman. Lekin, ayni vaqtda, agar biz mintaqadan tashqariga, ya’ni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) boshqa a’zolariga nazar soladigan bo‘lsak, sizning yetakchiligingiz qat’iy kafolatlanmagan.

So‘nggi paytlarda Gruziya, Ozarbayjon va Armaniston kabi davlatlar ham xuddi shu narsaga o‘z e’tiborlarini qaratmoqda. Ular Sharqiy Osiyoning Xitoy, Koreya kabi mamlakatlariga ko‘plab xizmatlarni taklif qilmoqda. Bu yil Ozarbayjon va Gruziya meni u yerda biror tadbir tashkil qilishga taklif qilishyapti. Koreyaning ko‘plab kompaniyalari allaqachon ular bilan aloqani yo‘lga qo‘yishgan. MDH davlatlarining ko‘pchiligi, hozirda, IT sanoatiga va startap innovatsiyalarga diqqat qaratmoqda va kelgusida sizning ular bilan o‘rtangizda biroz raqobat bo‘lishi mumkin.

Shunga qaramay, menimcha, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekiston eng yaxshi imkoniyatlarga ega.

IT Park: Markaziy Osiyoda IT sohasining rivojlanish markaziga aylanish uchun O‘zbekiston nimalarni amalga oshirishi kerak? Bizga qanday tavsiyalar berasiz, bu borada qanday muammolar va to‘siqlarni ko‘ryapsiz?

Doktor Derik: AKTning apparat infratuzilmasini yaratish masalaning eng qiyin tomoni emas, buni har qanday mamlakat ham uddalay oladi. Biroq dasturiy ta’minot qismi biroz murakkabroq. Bu yuqori malakali mutaxassislarni talab qiladi. Hozircha sizda yuqori malakali kadrlar yetarli emas, umumiy daraja past yoki o‘rtacha natijani beradi. Hozirda ko‘plab yosh muhandislar va ko‘plab talabalar o‘sib bormoqda, ammo dasturiy ta’minot malakasining umumiy darajasida hali ham katta bo‘shliq mavjud. Ushbu bo‘shliqni to‘ldirishni O‘zbekiston uchun muvaffaqiyat yo‘lidagi eng birinchi vazifa deb aytish mumkin.

Bunga erishish uchun men IT va startap innovatsiyalar sohasidagi ba’zi global kompaniyalar bilan ishlashni taklif qilishni xohlardim. Dunyo miqyosidagi kompaniyalarni bu yerga kelishga jalb qilish uchun O‘zbekistonda yetarlicha takliflar mavjud. Agar ular bu yerga kelishdan foyda olishlarini ko‘ra olsalar, ular sizga yetishmayotgan o‘sha yuqori darajadagi va o‘rta darajadagi xodimlarni ta’minlab berishlari mumkin. Keyinchalik, ulardan o‘rganib, mamlakatingiz bu bo‘shliqni to‘ldirishi va o‘zingizning yuqori malakali kadrlaringizni yetishtirishi mumkin. Shunday qilib, global o‘yinchilar bilan ishlash siz amalga oshirishingiz kerak bo‘lgan shubhasiz birinchi choradir.

IT Park misoliga keladigan bo‘lsak, siz o‘z maqsadlaringizni aniqlab olishingiz kerak. Katta orzu va tasavvurga ega bo‘lish yaxshi, lekin sizga, deylik, 2 yil va 5 yil uchun belgilangan maqsadlar kerak, ularni avval belgilab oling, keyin oldinga harakat qiling va ularga erishing.

 Jong xonim: Men bunga shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, dastlabki bosqichlarda siz bitta sohaga e’tibor qaratishingiz kerak. Bir vaqtning o‘zida hamma narsani qilishga urinmang. Masalan, avvaliga dasturiy ta’minotni yo‘lga qo‘yish kabi bitta sohani tanlang va siz bu yo‘nalishni muvaffaqiyatli rivojlanganingizdan keyin boshqa sohaga o‘ting. Ushbu tamoyilni oldinga siljish uchun ishlab chiqadigan bosqichma-bosqich rejangizda asos qilib oling.

IT Park: Agar biz IT sohasida rivojlanishning hozirgi dinamikasini saqlab qoladigan bo‘lsak, Markaziy Osiyoda IT sohasidagi yetakchi mamlakatga aylanish uchun bizga necha yil kerak bo‘ladi?

Doktor Derik: Biror narsa deyish juda qiyin, chunki har yili vaziyat keskin o‘zgaryapti. Masalan, Stokgolmda akseleratsiya dasturi (AD) markazini boshqaradigan do‘stlarimdan biri ikki yil oldin o‘zining O‘zbekistondagi filialini noldan boshlab ochgandi va men o‘tgan yili Toshkentga kelganimda ularda faqatgina bitta kovorking markazi bor edi. Hozir ularda Toshkentning o‘zida 5 ta kovorking markazi mavjud va oktabr oyida ular Samarqandda ham yana bittasini ochishni rejalashtirishmoqda, shu bilan ular ikki yil ichida oltitaga yetadi. Bu esa IT sohasidagi startap innovatsiyalar ekotizimining juda tez o‘sayotganligini ko‘rsatadi. Buni ularning Stokgolmdagi rivojlanishi bilan taqqoslang: to‘rt yil oldin men birinchi marta u yerga tashrif buyurganimda, ularda bor-yo‘g‘i 1500 kvadrat metr maydonga ega markaz mavjud bo‘lib, u yerda atigi 40 ta startap bor edi. Hozirgi vaqtda ular Nyu-York, Oslo, Xelsinki va Amsterdamda  AP-markazlarini ochishgan va ushbu beshta markazda 1200 tadan ortiq kompaniyalar faoliyati rivojlantirilmoqda.

Shunday qilib, siz har bir yil uchun maqsadlaringizni belgilab olishingiz, keyin esa ularni har yili nazorat qilib borishingiz kerak. Ikki yoki uch yil ichida qancha narsalarga erishish mumkinligini ko‘rib turibsiz. Menimcha, IT sohasida yetakchi davlat bo‘lish maqsadiga erishish eng ko‘pi bilan besh yil vaqt oladi. Agar O‘zbekiston besh yil ichida bunga erisha olmasa, o‘ylaymanki, bu imkoniyatni boshqa davlat qo‘lga kiritadi.

IT Park: Bunda IT Park qanday rol o‘ynashi mumkin?

Doktor Derik: Men IT Park uchun ikkita asosiy vazifani ko‘ryapman:

Birinchidan, IT Park – bu O‘zbekistondagi startaplar uchun birinchi jamoatchilik markazidir. Bu degani siz IT startap ekotizimi va IT sanoati uchun baholash ko‘rsatkichlarini belgilab olishingiz kerak. O‘zbekiston boshqa dunyo standartlari bilan taqqoslab bo‘ladigan standartlarni belgilab olishi kerak va ularni ishlab chiqish sizning muhim vazifangizdir.

Ikkinchidan, sizlar bir qahramonni yetishtirishingiz kerak. Innovatsiya va startaplar sohasidagi eng muhim narsalardan biri bu – qahramonga ega bo‘lish, muvaffaqiyat hikoyasini tasvirlash, bunga Belorussiya yaxshi misol bo‘la oladi. Biz bu namunaviy holatni qahramon deb ataymiz. Chunki barcha shu yo‘ldan borayotganlar namunaviy holatni ko‘rishni xohlashadi. Agar siz ikki yoki uch yil ichida o‘z qahramoningizni yaratsangiz, ko‘plab tadbirkorlar bu yerda siz bilan ishlashni xohlashadi. Bu ish omadsiz kechsa, unda muvaffaqiyatga erishish siz uchun oson bo‘lmaydi.

“Noldan qahramongacha” degan narsani hech eshitganmisiz? Sizning bo‘lg‘usi qahramoningiz hali nolga teng, siz ularni boshlang‘ich nomzodlaringiz orasidan aniqlab olishingiz, ularni topishingiz va rivojlantirishingiz kerak – ularning o‘sishiga yordam bering, qahramonni yarating.

Jong xonim: Boshqacha aytganda, bu jamiyatda tadbirkorlik ruhini targ‘ib qilish vazifasidir. Agar katta muvaffaqiyat hikoyasini ko‘rsatib beradigan katta qahramon bo‘lsa, qolganlar ham bu imkoniyatdan foydalanishga va IT sohasida ish boshlashga kirishadi. Ular tadbirkorlik dunyosiga kirish va o‘z bizneslarini ochishning ahamiyatini asoslab beradi va bu startaplarning rivojlanish muhitining zarur qismidir. Shunday qilib, siz bajarishingiz mumkin bo‘lgan muhim vazifa: tadbirkorlikni butun jamiyatda targ‘ib qilishdir. Va keyin allaqachon aytib o‘tilgan vazifa o‘yin maydonchasini o‘rnatishdir: standartlar va maqsadlar juda muhim.

Ammo siz chet ellik sarmoyadorlar uchun darvoza rolini o‘ynashingiz kerak: kim kirmoqchi bo‘lsa, ular sizning ishonishlari mumkin bo‘lgan tashkilot ekanligingizni bilib olishadi. IT Parkning qanchalik muvaffaqiyatli ekanligiga qarab, ular O‘zbekistonga va siz taqdim etgan startaplarga sarmoya kiritish borasida sizga ishonishga qaror qilishadi. Mana shuning uchun ham o‘zingiz uchun yuqori marralarni belgilab olishingiz juda muhimdir.

Doktor Derik: Yana bir narsa: IT Park atrofida ochiq IT innovatsion birlashmani rivojlantirish. Uni faqat o‘zingiz birga ishlayotgan startaplar doirasida yopib qo‘ymang. Birlashma ochiq va butun jamiyat bilan keng bog‘langan bo‘lishi kerak, siz yirik IT -kompaniyalar, boshqa startaplar, universitetlar, boshqa sohalardagi kompaniyalar bilan aloqada bo‘lishingiz va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishingiz kerak. Aytaylik, agar O‘ztelekom yoki telekommunikatsion guruh yoki boshqa o‘yinchilar vaqti-vaqti bilan bu yerga kelib, turli xil uchrashuvlar, mahorat darslari, seminarlar o‘tkazishsa – bu sanoat va innovatorlarni birlashtiradigan sog‘lom va foydali jamiyatning yaxshi bir namunasi bo‘ladi. Ushbu aloqalarni yo‘lga qo‘yish – IT Park O‘zbekistonda IT sanoatining muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan muhitni rivojlantirishda amalga oshirishi kerak bo‘lgan yana bir muhim vazifasidir.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq