Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
16.09.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2019-yil 16-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik), Agentlik qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz) hamda “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab- quvvatlash jamg‘armasi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumani ishtirokchilari elektron hukumat sohasining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari bilan tanishtirildilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PF-5598-sonli Farmoniga muvofiq, Agentlik elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi, shuningdek, davlat boshqaruvida axborot tizimlarini joriy etish, ushbu sohadagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun javobgardir.

Matbuot anjumanida elektron hukumat sohasining asosiy ko‘rsatkichlari, Agentlik va Markazning ustuvor vazifalari taqdim etildi va aholiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanish imkoniyatlari namoyish etildi. Xususan, 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida elektron hukumat tizimini rivojlantirish konsepsiyasining loyihasi ishlab chiqilganligi, uning strategik maqsadi, elektron hukumat yetukligining keyingi bosqichiga o‘tish – integratsiyalashgan hukumatni rivojlantirish quyidagilarga qaratilganligi ta’kidlandi: — davlat organlarining axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini joriy etish va rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni so‘zsiz amalga oshirish; — ma’lumotlarni markazlashgan holda saqlash, ishlov berish va almashish tamoyilini ta’minlash; — “Elektron hukumat” tizimida ishtirokchilarining o‘zaro kelishilgan, bir-birini to‘ldiruvchi va birlashtirilgan usullari va yondashuvlarini qo‘llash. Bundan tashqari, matbuot anjumanida konsepsiyani amalga oshirish samaradorligini baholashning asosiy ko‘rsatkichlari loyihasi taqdim etildi.

Uchrashuvning muhim qismidan biri, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (Portal)ning yangi talqini taqdimoti bo‘ldi. Portaldagi joriy o‘zgarishlar aholining iqtisodiy va ijtimoiy hayotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va joriy etish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Portalning yangi talqinidagi asosiy qulaylik bu – foydalanuvchi uchun moslashuvchan dizaynga ega bo‘lgan interfeysdir. Endilikda Portaldan foydalanishda kompyuter talab etilmaydi, mobil telefon yoki planshet orqali ham bir marta ro‘yxatdan o‘tib, Portaldan hech qanday qiyinchiliksiz foydalanish mumkin. Portal keng ko‘lamdagi davlat xizmatlaridan foydalanish, zarur ma’lumotlarni qidirish, biznes masalalarini tezda hal qilish va boshqa ko‘plab imkoniyatlarni yaratishda foydalanuvchilarga tezkorlik va aniqlikni taqdim etadi. Portalning yangi talqini, avvalgi talqinidan farqli o‘laroq endilikda foydalanuvchidan barcha davlat xizmatlari turi bilan tanishish uchun yagona identifikatsiya tizimidan ro‘yxatdan o‘tishi talab etilmaydi.

Shuningdek, davlat organlarida axborot tizimlarini yaratish bo‘yicha loyihalarni ekspertiza qilish kabi muhim mavzuga to‘xtalib o‘tildi, “Elektron hukumat” tizimi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi kamchiliklar ko‘rib chiqildi. Xususan, yagona standartlarning yo‘qligi, vazirliklar va idoralarning axborot tizimlarining tarqoqligi, axborot tizimlari buyurtmachilari va ularni yaratish va qo‘llab-quvvatlash uchun moliyalashtirish manbalarini majburiy belgilash bo‘yicha amaldagi talablarga rioya etilmayotganligi aytib o‘tildi. Samarali idoralararo hamkorlikni ta’minlash uchun “Elektron hukumat” xizmatlarining yagona arxitekturasini ta’minlash, sifatini oshirish va elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Agentlik, Markaz va Fond vakillari ommaviy axborot vositalari vakillari va bloggerlarning savollariga javob berdilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq