Bemorlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha Rossiya innovatsion raqamli texnologiyasi O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga yordam beradi
06.09.2019
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

10-sentabr kuni Toshkent shahrida “Reabilitologiya: erishilgan yutuqlar, muammolar, istiqbollar – 2019” mavzusida I Milliy Respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda bemorlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha Rossiyaning eng so‘nggi raqamli kompyuterlashtirilgan tizimidan foydalangan holda, O‘zbekiston reabilitatsiya sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etiladi. Ushbu tizim Rossiya fanlar akademiyasi Akademigi Konstantin Lyadov rahbarligidagi ilmiy guruh boshchiligida «MedInvestGrupp» kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan. O‘zbekistonda mazkur ishlanmani nevrologiya, kardiologiya, travmatologiya yo‘nalishlari bo‘yicha amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 30-avgustda qabul qilingan “Aholiga nevrologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekistonda reabilitatsiya sanoatini modernizatsiya qilish ishlari boshlandi. Tashkil etiladigan ushbu anjuman tarmoqda faoliyat yuritadigan mutaxassislarga tibbiyot muassasalarida reabilitatsiyani tashkillashtirishga to‘g‘ri yondashish, asosiy talablarni aniqlash va mazkur yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhini shakllantirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, tibbiyot fanlari doktori, professor Alisher Shodmonov mamlakatimiz reabilitatsiya sohasidagi asosiy muammolarni ko‘rsatib o‘tadi. Rossiya fanlar akademiyasi Akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professor, Rossiya Sog‘liqni saqlash sohasida nazorat qilish Federal xizmatining shtatdan tashqari bosh mutaxassisi, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan shifokor Konstantin Lyadov bemorlarni reabilitatsiya qilishga bo‘lgan zamonaviy yondashuvlar va ana shu maqsadda qo‘llaniladigan raqamli tizimning afzalliklari haqida so‘zlab beradi.

“O‘zbekistonlik hamkasblarimiz reabilitatsiya jarayonini optimallashtirish bo‘yicha qator mamlakatlarning bir necha takliflarini o‘rganib chiqdilar. Biroq ular aynan Rossiya ishlanmasiga o‘z qiziqishlarini bildirdilar, chunki ushbu yangi texnologiya foydalanish uchun mutlaqo tayyor loyiha sanaladi, — deydi Konstantin Lyadov. – Biz hamkasblarimizga turli harakatlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan trenajyorlar to‘plaminigina emas, umumiy dasturiy ta’minotga birlashgan kompleks tizimni taklif etamiz. Ushbu tizim ko‘p sonli bemorlarni tez va kam xarajatlar bilan samarali reabilitatsiya qilish jarayonini tashkillashtirish imkonini beradi. Loyihamizning yana bir afzalligi – unda instruktorlarni tez o‘qitish imkoniyati mavjud. Mazkur tizimdagi ish jarayonida reabilitatsiya markazlaridagi an’anaviy ish sxemasiga qaraganda, uch baravar kam mutaxassislar jalb qilinadi”.

O‘zbekistonlik reabilitologlarga taklif etilayotgan raqamli tizim Rossiyada ro‘yxatda o‘tgan va mamlakatning bir necha hududlarida joriy etilmoqda. Dasturiy ta’minot, reabilitatsiya texnologiyalari, mutaxassislarning «Lyadov klinikasi» ko‘ptarmoqli tibbiyot markazi» MChJ tomonidan o‘qitilishini ta’minlash — «MedInvestGrupp» kompaniyasi va akademik K.V. Lyadovning noyob loyihasidir. Unda qo‘llaniladigan dasturiy boshqaruvga ega trenajyorlar to‘plami Rossiyaning «Ortorent» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

“Kompyuterlashtirilgan tizimimizning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, ushbu tizim kasallik tarixini tahlil qiladi va sun’iy intellekt bemorni tiklashga qaratilgan individual dasturni tuzib chiqadi. Trenajyorlar bemor uchun belgilangan sog‘lomlashtirish kursi yozilgan maxsus elektron kartalar yordamida boshqariladi, — deydi «Ortorent» MChJ bosh direktori Oleg Velikov. — Shifokor tashkillashtirilgan davolash kursini to‘g‘irlaydi, instruktor esa, bemorning yo‘qotgan funksiyalarini tiklash yoki uning muskullarini mustahkamlashi uchun uning mashg‘ulotlarni bajarishini kuzatib boradi. Avtomatlashtirish bemorlarga xizmat ko‘rsatishni tezlashtiradi va instruktorlarni tayyorlash jarayonini soddalashtiradi”.

Ma’lumot uchun:

Konstantin Viktorovich Lyadov, Rossiya Fanlar akademiyasi Akademigi, jarroh, reabilitolog, RFda xizmat ko‘rsatgan shifokor. 2016-yil oktyabrda Rossiya Fanlar akademiyasining tibbiyot fanlari (klinik reabilitologiya) bo‘limi bo‘yicha Akademigi etib saylangan. Yevropa kardiologlar jamiyatining kardioreabilitatsiya yo‘nalishi bo‘yicha ishchi guruhi a’zosi. Uning rahbarligi ostida 10 ta nomzodlik va 6 ta doktorlik dissertatsiyalari tayyorlangan. Konstantin Viktorovich Lyadov 300 dan ziyod ilmiy maqolalar, 12 ta monografiyalar, bitta darslik muallifi. Insult, bosh miya va umurtqa jarohati, onkologiya kasalliklaridan keyin bemorni reabilitatsiya qilish metodikasini ishlab chiqqan.

GK «MedInvestGrupp». «MedInvestGrupp» kompaniyalar guruhi yadro tibbiyoti markazlari bo‘yicha mamlakatdagi «PET-Texnolodji» yirik tarmoqni boshqaradi. Xolding tarkibi radiofarmpreparatlarni ishlab chiqarishni, “gamma pichoq”qurilmasi bilan jihozlangan «KQ31» klinikalari, Konstantin Lyadovning “Lyadov klinikasi” loyihasi hamda LabQuest laboratoriyalar tarmog‘ini o‘z ichiga oladi.

«Ortorent» kompaniyasi 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, tayanch-harakatlanish apparatida muammolari bor va turli nevrologik patologiyalari bo‘lgan bemorlarni tiklash maqsadida zamonaviy reabilitatsiya uskunalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya bemorni tiklashga qaratilgan raqamli texnologiyalar, ilg‘or metodika, iqtisodiy asoslangan uskunalardan faol foydalanadi. 2012-yildan buyon Rossiya fanlar akademiyasi akademigi Konstantin Lyadov rahbarligidagi ilmiy guruh bilan nevrologik muammolari bo‘lgan bemorlarni reabilitatsiya qilish uchun uskunalarni tayyorlash va ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilib kelmoqda. Kompaniya Rossiyaning “Sog‘liqni saqlash”milliy loyihasi doirasida “Ona va bola salomatligi saqlash”, “Bolalar sog‘lig‘ini saqlashni rivojlantirish, bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish” hududiy dasturlari hamda “Yurak qon-tomirlari kasalliklariga qarshi kurash” federal loyihasini amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda. Kompaniya Rossiya miqyosidagi bolalar poliklinikalari va qontomir markazlarini tibbiyot uskunalari bilan ta’minlaydi.

Klinika va trenajyorlar tizimining ishlashiga oid videoni quyidagi ssilkadan ko‘rish mumkin — https://yadi.sk/i/5f2QZEQ96w3rlQ

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq