Yagona portalda to‘rtta yangi xizmat ishga tushirildi
05.09.2019
Rukn: Internet.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi, Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash Yagona integratori «UZINFOCOM», O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28-yilligi bayramiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (Yagona Portal) to‘rtta yangi onlayn davlat xizmatlarini ishga tushirdilar.

Xorijiy davlatlarda berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olinish jarayonini takomillashtirish maqsadida, 2019 yil 1 sentyabrdan quyidagi davlat xizmatlari ishga tushirildi:

— ​Xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun elektron ariza yuborish​;

— Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun ariza yuborish.

Ikki xizmat ham faqatgina elektron ko‘rinishda Yagona portal yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida, shuningdek 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olib, 2019 yil 1 sentyabrdan Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalar  faqat elektron shaklda Yagona portal yoki davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilina boshlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 avgustdagi «Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi 672-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, 2019 yil 1 sentyabrdan  Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ulash uchun ruxsatnoma olish uchun arizalar faqat elektron shaklda Yagona portal yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinishni boshladi.

Aholi uchun qulayliklar yaratish maqsadida, Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan talab yuqori bo‘lgan onlayn davlat xizmatlarining sifati va sonini oshirish maqsadida, aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazmoqda.

So‘rovnoma ikki xil ko‘rinishda tuzilgan:

1) http://bit.ly/egovuzbekistan — talab yuqori bo‘lgan 40 dan ortiq davlat xizmatlaridan tashkil topgan so‘rovnoma. Ushbu xizmatlar davlat organlari tomonidan taqdim etilayotgan davlat xizmatlari ko‘rsatish statistikasi tahlili asosida Markaz tomonidan aniqlandi.

2) http://bit.ly/egovuzbekistan2 — 400 dan ortiq davlat xizmatlarini o‘z ichiga olgan so‘rovnoma. Ushbu so‘rovnoma sizdan ko‘proq vaqt ajratishingizni talab qiladi, biroq an’anaviy shaklda taqdim etiladigan xizmatlarning deyarli barchasini qamrab oladi.

Ovoz berishingiz uchun qulaylik yaratish maqsadida, xizmatlar ularni taqdim etadigan vazirlik va idoralar kesimida guruhlangan. Shu bilan birgalikda, har bir yo‘nalishda, siz o‘zingiz Yagona portal orqali olishni istagan xizmat nomini qo‘shishingiz mumkin (agar ular taklif qilingan ruyxatda mavjud bo‘lmasa).

Ovoz berish natijalariga ko‘ra hamda sizning taklif va xulosalaringiz asosida aniqlangan yuqori talabga ega (eng ko‘p ovoz to‘plagan) davlat xizmatlari, Yagona portalda yangi interaktiv davlat xizmatlarini joriy etishda inobatga olinadi.

So‘rovnoma 2019-yil 15-sentyabrgacha davom etadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq