O‘zbekiston delegatsiyasi xitoylik hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda
30.08.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz vazirlik va idoralari rahbarlaridan iborat delegatsiya a’zolarining Xitoyga tashrifi amalga oshirilmoqda.

Tashrif davomida turli vazirlik va idoralar rahbarlari xitoylik hamkorlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu mamlakatning soliq tizimidagi ilg‘or tajribasi bilan tanishish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasi davlat soliq administratsiyasi vakillari bilan muzokaralar olib bordi. Shuningdek, Shenchjenda joylashgan “Huawei” bosh ofisida bo‘lib, hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Xitoy Xalq Respublikasi davlat soliq administratsiyasi vakillari bilan uchrashuv davomida “Huawei” o‘z hamkori “CEIEC” bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Golden Tax” (“Oltin soliq”) nomli axborot platformasining yaratilish tarixi bilan tanishildi va Xitoyda soliq tizimini raqamlashtirishga oid tajribasi bo‘yicha fikr almashildi.

Xitoyda 1994-yilda ishga tushirilgan mazkur tizim soliq qonunchiligiga rioya etilishini rag‘batlantirish bo‘yicha samarali platforma sifatida nom qozongan. Bugungi kunda ushbu loyihaning uchinchi bosqichi joriy qilinmoqda.

Uchrashuvda “Huawei” va “CEIEC” tomonidan O‘zbekistonda soliq tizimini modernizatsiya qilish loyihasi asosidagi texnologik yechimlar namoyish etildi. Mazkur tizimning afzalligi shundaki, sohani axborotlashtirish orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlarni iste’molchigacha bo‘lgan harakatini hamda ushbu jarayonda to‘lovlarning amalga oshirilishini har bir ishtirokchi kesimida nazorat qilishga sharoit yaratadi.

Raqamli platformaning va ko‘p kanalli soliq xizmatlarining (ARR mobil ilovasi, web, avtomatlashtirilgan o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatadigan mashina va boshqalar) joriy etilishi natijasida soliq to‘lovchilarga majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishlari uchun yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu o‘z navbatida, soliq organi va soliq to‘lovchi o‘rtasidagi shaffof munosabatlarni mustahkamlaydi.

“Huawei” texnologiyalari asosida “CEIEC” tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy mahsullar mamlakatimiz soliq ma’muriyatchiligida keng islohotlarni amalga oshirish davrida biz uchun ham o‘ta ahamiyatlidir. Shu bois xitoylik hamkasblarimiz bilan birgalikda “Golden Tax” tajribasini o‘rganib, uning ijobiy natijalarini amaliyotga joriy etish masalalarini muhokama qilish uchun “CEIEC” vakillarini Davlat soliq qo‘mitasiga taklif qilishdan mamnunmiz”, — deb ta’kidladi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq