Huquqbuzarliklar aks etgan videoyozuvlarga qanday talablar qo‘yiladi?
28.08.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yilning 1-iyul kunidan boshlab https://dyhxx.ejarima.uz sayti ishga tushdi. Ushbu saytga fuqarolar Yo‘l harakati qoidalari buzilgan holatlarni videoga qayd etib, jo‘natishlari mumkin. Qoidabuzarliklarni qayd etishda ishtirok etayotgan va shu bilan birga, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ko‘maklashayotgan fuqarolarimizga minnatdorchilik bildiramiz.

Sayt ishga tushgan kundan boshlab 25-avgustga qadar Toshkent shahri bo‘yicha 3850 ta videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar videoyozuvlari kelib tushgan bo‘lib, shulardan ko‘rib chiqilganlarining soni 3719 tani tashkil etdi. 2296 ta faktlar bo‘yicha ma’muriy javobgarlik bayonnomalari tuzilib, qoidabuzarlarga jo‘natildi.

Ma’lum qilamizki, kelib tushgan fayllardan 1423 tasi qaytarildi. Buning bir nechta sabablari bor. Masalan, 190 ta fayllar montaj fosh bo‘lgani sababi qaytarildi, 594 tasida huquqbuzarlik aks etmagan, 349 ta videolarda – avtotransport vositalarining davlat raqami ko‘rinmagan, huquqbuzarliklar aks etgan 38 ta videolardagi sana va vaqtlar noto‘g‘ri ko‘rsatilgan (videregistrator noto‘g‘ri sozlangan), 78 ta videofayllar mobil telefon yoki videokameraga tushirilgan, 174 ta fayllarda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalari aks etgan (talablarga binoan, bu kabi holatlarda 2 ta fayl jo‘natish lozim).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20.09.dagi 747-son Qaroriga muvofiq, videoyozuvlar ma’lum talablarga javob berishlari lozim. Videoregistrator orqali qayd etilgan huquqbuzarlik aks etgan videoyozuvda quyidagi ma’lumotlar ko‘rinib turishi kerak: sodir etilgan huquqbuzarlik; transport vositasining rusumi va davlat raqami; huquqbuzarlik sodir etilgan sana va vaqt.

Fayl qaytarilishi va ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladigan holatlar:

1. Videoga montaj orqali o‘zgarishlar kiritilgan holatda.

2. Videoda huquqbuzarlik aks etmagan holatda.

3. Avtotransport vositasining davlat raqami ko‘rinmagan holatda.

4. Huquqbuzarlik sodir bo‘lgan sana va vaqt ko‘rsatilmagan holatda.

5. Video registratorga emas, mobil telefon yoki videokameraga tushirilgan taqdirda.

6. Videoregistrator noto‘g‘ri sozlangan holatda (sana va vaqt noto‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lsa).

7. To‘xtash va to‘xtab turish qoidasi buzilganligi aks etgan holatda ikkinchi fayl jo‘natilmagan taqdirda.

8. Agar mazkur huquqbuzarlik boshqa foydalanuvchi tomonidan ilgari jo‘natilgan taqdirda.

9. Mazkur huquqbuzarlik YPX inspektori tomonidan qayd etilib, tegishli bayonnoma tuzilgan taqdirda.

10. Agar huquqbuzarlik qoidabuzarliklarni qayd etuvchi avtomatlashtirilgan moslamalar orqali qayd etilgan taqdirda.

11. Ko‘rib chiqish va chora ko‘rish uchun vakolat bo‘lmagan taqdirda.

12. Agar shaxs bir nechta ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgan bo‘lsa va ular bo‘yicha ish bir vaqtning o‘zida ma’lum bir organ (mansabdor shaxs) tomonidan ko‘rib chiqilayotgan taqdirda, shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan yakuniy unidirish jiddiyroq ma’muriy undirishni ko‘zda tutadigan jazo doirasida belgilanadi.

Hurmatli fuqarolar! Videoregistratordan fayl jo‘natish oldidan qoidalarga amal qilayotganligingizga ishonch hosil qilishingiz va tegishli hujjatlar bilan tanishib chiqishingizni so‘raymiz.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq