“Stixiya”: Orol boʻyi, dunyoning mashhur di-jeylari, xorijiy sayyohlar va yetakchi OAV – Moʻynoqdagi elektron musiqa festivalida!
27.08.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

23-24-avgust kunlari Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qoʻllab-quvvatlashi ostida “Stixiya” elektron musiqiy festivali boʻlib oʻtdi.

“Stixiya” festivalida Angliya, Ispaniya, Germaniya, Daniya, Fransiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yangi Zelandiya, AQSH, Isroil, Janubiy Koreya, Gruziya, Rossiya, Qozogʻiston va Turkmaniston kabi mamlakatlardan kelgan sayyohlar, mahalliy aholi hamda Oʻzbekistonning boshqa hududlaridan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etishdi. Ishtirokchilarning umumiy soni 5000 nafarni tashkil qilgan boʻlsa, shundan 500 nafari xorijiy va mahalliy sayyohlardir.

Tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad Moʻynoqqa xorijiy turistlar oqimini oshirish, Oʻzbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish hamda jahon hamjamiyatini Orol boʻyi ekologik muammosidan xabardor qilish.

Ikki kun davomida Alien Rain (Germaniya), Jamaica Suk (AQSH), Yan Cook (Ukraina), Acronym (Shvetsiya), Mama Snake (Daniya) va Dj Sodeyama (Yaponiya) kabi taniqli di-jeylar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlashdi.

Shuningdek “Stixiya” festivalini yoritish uchun “The Telegraph”, “Resident Advisor”, “NBC” telekanali, “Deutsche Welle”, “Guardian” kabi mashhur xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari hamda mustaqil blogerlar hamda Orol dengizi haqida kitob yozayotgan Jay Owens tashrif buyurishdi.

Taʼkidlash lozimki, “NBC” telekanali jurnalistlari “Stixiya” haqida film yaratishmoqda va uni Nyu-Yorkdagi kinofestivalda namoyish qilishmoqchi.

“Oʻzbekistonda bunday darajadagi tadbir oʻtkazilishini kutmagandim, barchasi kutganimizdan-da aʼlo! Men rassomman va shu sabab ushbu noyob hodisa menga yangi asar yaratish uchun ilhom bagʻishladi. Ajoyib tabiat qoʻynida bu kabi yoshlar tadbirlarining oʻtkazilishi, shubhasiz, yurtingizda turizmni yanada rivojlantirishga turtki beradi”, — dedi isroillik sayyohlardan biri.

Yaponiyalik Dj Sodeyama fursatdan foydalanib Oʻzbekiston hukumatiga yaratilayotgan imkoniyatlar, tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar va taklif uchun samimiy minnatdorchiligini bildirdi.

Festival yakuniga koʻra, koʻngillilar tomonidan ishlangan SEA installyatsiyasi rasman yoqildi. Sayyohlar kelgusida ham Oʻzbekistondagi bu kabi tadbirlarda qatnashish istagini bildirib qolishdi.

Tadbir “Fakultet” xususiy tashkiloti, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Centil Law” va “Peoples Travel”, “Gete” instituti va “Indorama” tomonidan tashkil etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq