Milliy axborot makonini rivojlantirishda jurnalistika sohasining ustuvor vazifalari muhokama etildi
23.08.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2019-yil 22-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda “Milliy axborot makonini rivojlantirishda jurnalistika sohasining ustuvor vazifalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Qayd etilganidek, milliy axborot sohasining liberallashtirilishi aholining media savodxonligini oshirishga, davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq konstruktiv axborot almashinuvini faollashtirishga xizmat qilishi bilan birga, jamoatchilik nazorati tadbirlari samaradorligini oshirishga ham imkon yaratdi.

Biroq mazkur soha rivoji, yutuqlar qatorida fuqarolarning axborot huquqlari buzilishi bilan bog‘liq bir qator jiddiy muammolar vujudga kelishi hamda tashqi va ichki axborot tahdidlari ta’sirining kuchayib borishi davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

Bugungi zamonning eng dolzarb muammolaridan biri internet tarmog‘i orqali nolegal, noxolis axborotlarning ommaviy tarqatilishidir. Eng xavflisi, balog‘at yoshiga yetmagan bolalar va yoshlar ham bunday noxolis axborotlarning iste’molchisiga aylanib qolayotganidir. Yoshlar rivojlanishining fiziologik va psixologik xususiyatlarini hisobga olganda, ular internet tarmog‘idagi qonunga xilof ravishda tarqatilayotgan axborotlarning qurboniga aylanmasligiga kafolat yo‘q.

Davra suhbati davomida bunday noxolis axborotlar tarqatilishiga qarshi kurashish jarayonida jurnalistika sohasining tutgan o‘rni, xususan, jurnalistlarning axborot makonida har turdagi zararli axborotlarni tarqatilishiga o‘z munosabatlarini faol bildirishi, qonun bilan berilgan vakolatlar doirasida jurnalist tekshiruvlarini o‘tkazish orqali obyektiv tahlil natijalarini jamoatchilikka yetkazishi muhimligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi.

Shu bilan birga, turli davlat organlarining aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan harakatlarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar huquqni qo‘llash amaliyotining samaradorligini ta’minlashni talab qilishi ta’kidlandi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan milliy axborot makonini yanada barqaror rivojlantirish maqsadida axborot sohasidagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflar berildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq