Maqsad – internet tezligini oshirish, aholini telekommunikatsiya xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish
19.08.2019
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

“O‘zbektelekom” AK Farg‘ona filialida internet tarmog‘iga simsiz keng polosali ulanish tarmoqlarini rivojlantirish sur’atlarini oshirishga jiddiy kirishildi. Biz O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2015-yil 6-martdagi “2015 – 2019 yillarda injenerlik-kommunikatsiyasi va yo‘l-transport infratuzilmalarini modernizatsiyalash va rivojlantirish dasturi to‘g‘risida” gi PQ-2313-son Qarori hamda 2019-yil 22-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4329-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida “O‘zbektelekom” AK Farg‘ona filiali direktori Vladimir Ejkov bilan suhbatlashdik. Quyida ana shu suhbatni diqqatingizga havola etamiz.

Vladimir Vladimirovich, bu boradagi ishlar keyingi uch oyda qanchalar kuchaytirildi va qanday natijalarga erishildi?

— Ochig‘i, shu qisqa muddatda sal kam bir yil adog‘iga yetmay kelayotgan ishlar uddalab qo‘yildi. Ayniqsa, maktab, maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari obyektlariga hamda manzilli dasturga kiritilgan loyihalar ijrosi bo‘yicha bajarilgan ishlar salmoqli bo‘ldi. Hozirga qadar 400 km dan ortiqroq optik tolali kabellar yotqizilgani, jami 76 ta 1824 portga teng Switch qurilmalari o‘rnatilgani, ko‘p qavatli uylarda keng polosali xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilgani – bularning bari faoliyatimizda burilishlar yasamoqda. Simli telefon orqali taqdim etilayotgan telekommunikatsiya xizmatlarining sifatini oshirishni ham bir kun bo‘lsa ham nazardan chetda qoldirmayapmiz. Shu maqsadda 14.5 km uzunlikdagi TPP rusumidagi ma’nan eskirgan aloqa kabellar almashtirdik. Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, barcha shahar va tuman markazlariga jami 22528 port sig‘imga teng 20 dona zamonaviy GPON qurilmalari o‘rnatilgani, abonentlarni FTTN texnologiyasi orqali tarmoqqa ulash imkoniyatlari oshgan. Bularning bari o‘z navbatida, abonentlar sonining ortib borishiga ( ularning safi 21890 nafar) xizmat qilmoqda.

Aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratildan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari joylarda telekommunikatsiya xizmatlarini rivolantirishga juda ham bog‘liq. Shu ma’noda olganda, 2019-yil boshida Oltiariq tuman Maorif MFY, Quva tuman Mingchinor MFY, Toshloq tuman Birlik MFY va Uchko‘prik tuman Zig‘ir MFY aholisidan tushgan murojaatlar qanday hal etilgani haqida so‘zlab bersangiz

— Albatta. Mazkur hududlardan tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida ado etishga muvaffaq bo‘ldik. 64 port sig‘imga ega MSAN qurilmalari o‘rnatildiki, aholi sifatli internet va IPTV xizmatlari taqdim etilayotganidan mamnun. Ayni kunlarda kompaniya tomonidan ajratilgan 7552 telefon va internet port sig‘imiga ega 41 ta MSAN stansiyalari viloyatining barcha tuman va shaharlarida o‘rnatilib, ishga tushirilmoqda. Yana shuni ta’kidlash zarurki, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldi olish uchun viloyatidagi mavjud havo aloqa liniyalarining 380 km dan ortiq qismi, 1090 dan ortiq tarqatish qutilari, 740 dan ortiq telefon quduqlari tartibga keltirildiki, bu ishlarimiz murojaatlar sonining kamayib borishini ta’minlamoqda.

Tijorat ishlarida yangiliklar bormi, bor bo‘lsa, ularning nafi qay darajada sezilyapti?

— Kompaniyamiz tomonidan bu masalaga ham g‘oyatda jiddiy ahamiyat qaratilmoqda. Biz bu jabhadagi rejalarni ham tizimli ravishda to‘laqonli bajarishga harakat qilmoqdamiz. CALL CENTER — “O‘zbektelekom” AK qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash yagona markazlarini birlashtirilgani, mamlakatning barcha hududlaridan kelib tushayotgan qo‘ng‘iroqlar “1084” va “1086” raqamlariga yo‘naltirilib, qabul qilish tizimi markazlashtirilgani ham, kompaniyamizning rasmiy veb-saytida uztelecom.uz “Operator bilan onlayn muloqot” xizmati ishga tushirilgani ham ayni muddao bo‘ldi, ya’ni, bizni mijozlarimiz bilan yanada yaqinlashtirdi. Muammolar tez va o‘rnida yechimini topayotgani xizmatlarimiz sifati oshishiga olib kelmoqda.

Nazarimda, turar-joy binolari hovlilarida faol sotuvlar va ko‘chma ofis xizmatlari ko‘rsatilayotgani abonentlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, kutib olindi. Shundaymi?

— Bo‘lmasam-chi, xizmatlarning yangicha tartibda joriy etilayotgani abonentlar vaqti va mablag‘ini ham tejamoqda. Viloyatning shahar va tumanlari markazlari aholisi hovliga chiqib, shu yerning o‘zidayoq kompaniyaning barcha xizmatlariga, jumladan, telefoniya, mobil aloqa, IPTV va Internet xizmatlariga ulangan bo‘lsalar, endilikda vaqt va mablag‘sarfi kamaygandan ham kamaydi! Abonent uyida turib ham, bu xizmatlarga ulanishi mumkin. Buning uchun kompaniyaning rasmiy veb-sayti, “1084” qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash yagona markazlari, “Operator bilan onlayn muloqot” xizmati yoki telegramm-bot orqali murojaat qoldirishning o‘zi kifoya. Texnik imkoniyat mavjud bo‘lgan taqdirda 1 kun mobaynida xizmatlar uchun shartnoma rasmiylashtiriladi va xizmatlarga ulanadi.

May oyidan yo‘lga qo‘yilgan “Suzuvchi davr” yangi tartibi ham billing tizimi va Call-markazining faoliyatini optimallashtirishga imkon berdi. Texnik imkoniyat mavjud bo‘lgan joylarda ADSL, FTTx va GPon texnologiyalari asosida ulanish istagida bo‘lgan mijozlar uchun yil yakuniga qadar bepul modem aksiya asosida, ya’ni 50 000 so‘m va undan yukori abonent to‘loviga ega internet tarif rejasini tanlab, xizmatdan kamida 3 oy mobaynida yoki tanlangan texnologiya turiga bog‘liq ravishda, 1 yil foydalanish istagida bo‘lganlarga terminal va modem qurilmalari bepul taqdim etilmoqda. Xulosa qilib aytganda, aholiga xizmatlarni tezkor va ishonchli taqdim etish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz. Ha, AKT taraqqiyoti — aholi farovonligi garovidir.

Mamlakatimiz Prezidenti qarorlarini amalga oshira borib, soha xizmatlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini yanada oshirishdek ezgu ishlarda filial jamoasiga omad tilaymiz.

— E’tibor uchun rahmat.

Hamsuhbat: Hafiza Salyahova jurnalist

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq