Vazirlikda yagona elektron tizimi haqida maʼruza oʻqildi
15.08.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Huquqiy targʻibot, huquqiy bilim va huquqiy madaniyatni oshirish, Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlariga respublikada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini yetkazish, shuningdek, qonunlarga hurmat ruhini rivojlantirish maqsadida 14-avgust kuni vazirlik yuridik boʻlimi “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi” mavzusida maʼruza qildi.

Qonun hujjatlari loyihalarini koʻrib chiqish va kelishishda idoralararo elektron hamkorlikni taʼminlovchi yagona elektron tizim eskirgan byurokratik tartib-qoidalar va qogʻoz sansalorlikdan voz kechish, zarur shaffoflikni taʼminlash va ushbu jarayonni jadallashtirish imkonini berdi.

Loyihalarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirish boʻyicha avvalgi amaliyot boʻyicha quyidagi muammolar yuzaga kelgan edi:

— ishlab chiqilgan loyihalarni qogʻoz shaklida chop etish, pochta orqali yuborish va yetkazib berish yoki har bir manfaatdor vazirlik va idoraga olib borib berish;

— imzolarni yigʻish jarayonida har bir muvofiqlashtiruvchi organning masʼul ijrochilarini doimiy ravishda qidirish, loyihalarning qogʻozshaklini yetkazib berish va ularni imzolanishini kutish;

— koʻplab kelishuvlar natijasida loyihaning turli nusxalarining yaratilishi natijasida kelishmovchiliklar va tartibsizliklarning paydo boʻlishi;

— vaqt asosan loyihani har tomonlama va sifatli tayyorlash uchun emas, balki tegishli tashkilotlar bilan kelishish uchun sarflanadi;

— davlat organlarining mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarini yoʻnaltirishni talab qiladi.

Xorijiy tajribani oʻrganishda rivojlangan davlatlar davlat boshqaruvi organlari faoliyatida idoralararo hamkorlikni taʼminlovchi elektron hujjat aylanish tizimidan foydalanishi aniqlandi. Shuningdek, MDH mamlakatlarida (Rossiya, Belarus, Qozogʻiston) qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va kelishishda idoralararo elektron hujjat aylanish tizimi (rasmiy foydalanish va maxfiy xarakterdagi hujjatlardan tashqari) qoʻllanilmoqda.

Yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf etish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini norma ijodkorligi jarayoniga joriy etishga qaratilgan yagona elektron tizim quyidagi imkoniyat va qulayliklarga ega:

— normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishishning barcha manfaatdor ishtirokchilariga, shu jumladan jamoatchilik va kasbiy muhokamalarni oʻtkazish, elektron raqamli imzo yordamida loyihalarni koʻrish uchun bir vaqtning oʻzida va darhol yuborish;

— loyihalarni avtomatik ravishda qayd etish, loyihalarni topshirish-qabul qilish sanalarini qayd etish, elektron raqamli imzolarning haqiqiyligini va ularning dolzarbligini aniqlash orqali loyihalarning “harakati” ning shaffofligini taʼminlash;

— manfaatdor shaxslarning loyihalar boʻyicha oʻtkazilgan harakatlari, fikrlari va eʼtirozlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va saqlash, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bazasini yuritish hamda statistik va boshqa maqsadlarda foydalanish;

— normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish jarayonini Real vaqt rejimida boshqarish, monitoring va nazoratni amalga oshirish;

— davlat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun sarflanadigan vaqt va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejashni taʼminlash.

Elektron tizimni joriy etish qoʻshimcha byudjet mablagʻlarini, alohida infratuzilmani yoki biror maxsus dasturiy taʼminotni oʻrnatishni talab qilmaydi. Foydalanuvchining kompyuteridan tegishli tashkilotning shaxsiy kabinetiga Internet tarmogʻi orqali masofadan kirilsa bas.

Norma ijodkorligi jarayoniga yagona elektron tizimni joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda:

2019-yilning 1-mayidan 1-iyuligacha pilot faoliyat joriy etilib, unda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi hukumati hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, kelishish (koʻrish) va Vazirlar Mahkamasiga kiritish yagona elektron tizim orqali qogʻoz shaklida yoki elektron shaklda amalga oshiriladi;

2019-yilning 1-iyulidan 1-oktabriga qadar-loyihalar asosan elektron shaklda yagona elektron tizim orqali oʻrnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

2019-yil 1-oktabrdan va keyingi davrda – qonun hujjatlari loyihalarini Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maʼmuriyatiga kiritish faqat elektron shaklda yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Taʼkidlash joizki, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini joriy etish mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining samaradorligi, shaffofligi va sifatini taʼminlovchi norma ijodkorligi jarayonining mutlaqo yangi bosqichga oʻtishiga xizmat qilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq