O‘zbekistonda ilk bor axborot-kutubxona mutaxassislari masofaviy o‘qitiladi
15.08.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Mediamarkazida axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha masofaviy o‘qitish tizimini yaratish masalalariga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyun “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-4354-son Qarori ijrosi yuzasidan axborot berildi.

Mazkur qarorga muvofiq, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda, axborot-kutubxona mutaxassislarining malakasini masofadan turib, oshirish rejalashtirilmoqda. Mutaxassislarni masofaviy o‘qitish kurslari dastlab “Axborot-kutubxona muassasalarida kutubxona va bibliografiya ishi” mavzusida o‘quv dasturi asosida olib borilishi aytildi. Hozirda Milliy kutubxona mutaxassislari tomonidan o‘quv kursining o‘quv dasturi, mashg‘ulotlarni tasvirga olish jadvali, ma’ruzalar matni, har bir mavzu bo‘yicha test va o‘quv rejasi ishlab chiqilgan.

Masofadan o‘qitish tizimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari jalb qilinib, o‘quv mashg‘ulotlari interaktiv usulda amalga oshiriladi.

“Ushbu loyihani joriy qilishdan maqsad — viloyat, tuman (shahar) hududlarida faoliyat yuritayotgan soha mutaxassislariga axborot-kutubxona ishi va bibliografiya nazariyasi, hujjatlarga ishlov berish, nashrlarni indeksatsiyalash, adabiyotlarni hisobga olish, fond tekshiruvi (inventarizatsiyasi)ni o‘tkazish, ma’lumot-bibliografiya apparatini tahrir qilish metodikasi to‘g‘risida bilim berishdan iborat, — dedi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Kitob savdosi va axborot-kutubxona resurslari bo‘limi rahbari Vohid Hamidov. — Shuningdek, quyidagi maqsadlarni ham o‘z oldimizga qo‘yganmiz: maxsus, depozitar, noyob adabiyotlar fondlarini shakllantirish usullarini, ulardan foydalanish, saqlash, to‘ldirib borish, bosma nashrlarni raqamlashtirish texnologiyasini singdirish, axborot-kutubxona faoliyatiga oid standartlar, axborot-kutubxona xizmati turlari, kitobxonlar qiziqishini o‘rganish, yangi xizmat turlari bilan tanishtirish va bu borada jahon tajribasini o‘rganish”.

Ma’lum qilinishicha, malaka oshirish kursi 48 soatni tashkil etadi. Kursni tamomlagan va yakuniy nazorat test sinovini muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga sertifikat beriladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq