Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qishloqlar uchun infratuzilmaning sinov loyihasini ishga tushirmoqda
13.08.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda “Raqamli ishonch” jamg‘armasi deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 yanvardagi “Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish to‘g‘risida”gi PF-5609-son Farmonini amalga oshirish doirasida “Bir qishloq — bitta mahsulot” tamoyili bo‘yicha intellektual-rivojlangan infratuzilmaning sinov loyihasini (keyingi o‘rinlarda – loyiha) ishga tushirmoqda.

Bunday darajadagi kompleks yondashuv hudud uchun quyidagi maqsadli vazifalarni hal etish imkoniyatini beradi:

1. Hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish;

2. Yangi intellektual ish o‘rinlarini yaratish;

3. Issiqxona xo‘jaliklarida gaz sarfini sezilarli kamaytirish;

4. Qishloq aholisini ekologik toza oziq-ovqat bilan ta’minlash;

5. Qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash.

Loyiha qishloqlarda katta bo‘lmagan intellektual-ishlab chiqarish va avtonom infratuzilmaning qurilishini nazarda tutadi, uning ichiga quyosh kollektorlari, issiqxona va baliqchilik xo‘jaliklari, suv ta’minoti tizimi kiradi.

Sinov loyihasini Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani Paxtazor qishlog‘ida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan to‘rt oy oldin Paxtazor qishlog‘ida suvni tozalaydigan uskuna o‘rnatilgan edi va u o‘z samarasini ko‘rsatdi hamda hozirgi kunda qishloqni barcha standartlarga javob beradigan toza ichimlik suvi bilan ta’minlab kelmoqda.

Loyihaning yaratilayotgan infratuzilmasi resurslarni tejash va yuqori sifatli ekologik toza mahsulot olish uchun mavjud texnologik yechimlaridan maksimal darajada foydalanadi.

Fermer xo‘jaliklarining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yagona onlayn portalini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar boshlangan, unda fermerlar o‘zlarining tajribalari bilan almashishi va butun jahonning ekspertlaridan maslahat olishlari mumkin.

Portal qishloq-marketpleys funksiyasini ham bajaradi, onlayn rejimda mahsulotni sotish imkoniyati bilan, bu mijozlarni qidirish jarayonini sezilarli darajada maqbullashtirish imkonini beradi.

Dastlabki yiriklashtirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra baliqchilik xo‘jaliklari bo‘yicha xarajatlarni qoplanishining quyidagi muddatlarini belgilash mumkin:

1. Yiliga 2500 kilogrammgacha forel, tilapiya, sazan va osetr baliqlarini ishlab chiqaradigan universal qurilmali xo‘jalik yetkazib berishni hisobga olmaganda 487 mln. so‘mga aylanadi (narxga qurilmaning montaji qo‘shilgan). Bunday qurilmaning xarajatlari qoplanishi 3 yilgacha hisoblangan.

2. Afrika laqqasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan xo‘jalik. Qurilma yiliga 1500 kilogrammgacha baliq ishlab chiqarish imkonini beradi. Montaji bilan yetkazib berishni hisobga olmaganda narxi – 583 mln. so‘m. Xarajatlarning qoplanishi 3 yilgacha.

Undan tashqari, butlovchi buyumlarni yoki tizimni to‘liq ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, bu esa qurilmaning so‘nggi narxiga ta’sir etadi hamda logistika xarajatlarini sezilarli darajada qisqartiradi.

Qayd etib o‘tishimiz kerak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4005-son qaroriga muvofiq kredit ajratilishi imtiyozli shartlar bilan ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tashkil etilayotgan baliqchilik klasterlarining yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonna bo‘lgan taqdirda ular 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalarga majburiy ajratmalardan ozod etiladi. Bundan tashqari, kredit hovuzlar qurishni, maxsus texnika xarid qilishni va boshqa keng turdagi ishlarni nazarda tutgan taqdirda, 2019-2020 yillarda tijorat banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlarning foizlari 50 foizgacha kompensatsiya qilib berish tartibi o‘rnatiladi. Kompensatsiya to‘lovlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Issiqxona xo‘jaliklarining dastlabki yiriklashtirilgan hisob-kitobiga ko‘ra 1 ga mahalliy issiqxonani qurilishi quyosh kollektorlaridan foydalangan holda va materialning sifatiga qarab 985,6 mln. so‘mdan boshlanishini ko‘rsatmoqda. Bu tizimning quyosh kollektorlari yiliga 91 mVt issiqlik energiyasini hamda yiliga 7 800 tonna issiq suv, shundan qish davrida 942,8 tonna ishlab chiqarishga imkonini beradi.

Ishlatish taklif qilinayotgan quyosh konsentratorlari oson yig‘iladi, tuzilishida qimmat turadigan komponentlarga ega emas va hizmat ko‘rsatishi qulay. Potensial quyosh energiyasidan foydalanish xarajatlarini qisqartiradi hamda hosildorlikni oshiradi.

Loyihani amalga oshirilishi hududlar rivojiga muhim turtki bo‘lib, aholini ish joylari, toza ichimlik suvi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlaydi, shuningdek hududning ekologiyasini saqlashda energiya sarfini sezilarli darajada muqobillashtiradi.

Taqdim etilayotgan yangi texnologiyalar energiya manbalaridan foydalanishning maksimal samaradorligiga erishish imkonini beradi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash sohasida biznes uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.

“Raqamli ishonch” jamg‘armasi xususiy investorlarni hamda kichik va o‘rta biznesni (keyingi o‘rinlarda – investorlar) hamkorlikka taklif qiladi. Investorlar taqdim etilayotgan texnologiyalar va ularning samaradorligi bilan pastda ko‘rsatilgan raqam orqali bog‘lanib tanishishlari va “Raqamli ishonch” jamg‘armasi bilan birgalikda mamlakatning turli qishloqlarida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini muhokama qilishlari mumkin.

Yechimlarning yuqori tayyorgarligi, tezkor miqyosini kengaytirishga ehtiyoj, energiya va oziq-ovqatga bo‘lgan yuqori talabni hisobga olgan holda investorlar uchun noyob imkoniyatlar oynasi ochiladi.

“Raqamli ishonch” jamg‘armasi investorlarga bepul yuridik ko‘mak
va quyidagilarda yordam beradi:

1. Texnologiyalarning xususiyatlarini va afzalliklarini to‘g‘risida ma’lumot olishda;

2. Shartnomalarni tayyorlashda va ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda;

3. Talab etiladigan maydonlar va infratuzilma uchun barcha hisob-kitoblarni amalga oshirishda;

4. Jihozlarni yetkazib berish va o‘rnatish ishlarida.

Yangi yechimlarga yuqori talab mavjudligi tufayli, Jamg‘arma ishlab chiqarishga birgalikda investitsiya qilishga manfaatdor shaxslarni taklif etadi.

Yuqoridagi barcha masalalar bo‘yicha aloqa qiladigan shaxs “Raqamli ishonch” jamg‘armasining yetakchi mutaxassisi Vladislav Dolenko bilan +998 94 679-00-79 raqami orqali bog‘lanishingizni so‘raymiz.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq