LBMA tadbirida «Elektron hukumat» va «Raqamli iqtisodiyot» sohasidagi loyihalar ekspertizasi qanday o‘tkazilishi haqida so‘zlab berildi
12.08.2019
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

9-avgust kuni Aloqa tarixi muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi hamkorligida AKTni rivojlantirish bo‘yicha vazirlik va idoralar bo‘linmalari rahbarlari uchun seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir «Elektron hukumat» va «Raqamli iqtisodiyot» tizimini rivojlantirish doirasida AKT sohasidagi loyihalarni ishlab chiqish, kompleks ekspertizadan o‘tkazish, tasdiqlash, amalga oshirishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish tartibini tushuntirish maqsadida tashkil etildi.

Seminarni ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining o‘rinbosari Vyacheslav Pak elektron hukumat, raqamli iqtisodiyot sohasidagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari haqida so‘zlab berdi. Xususan, u yagona standartlar mavjud emasligini va buning natijasida vazirlik va idoralarning axborot tizimlari turli shakllarda barpo etilganligini ta’kidladi. Shuningdek, u elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot tizimini yagona platformada yaratish, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini (Big Data) va ularni tahlil qilish (Smart data)ni tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, u axborot tizimlarini yaratish masalalari bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishdagi muammolar, ya’ni, loyihalarning moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatilmayotganligi, ularning keyingi sifatli faoliyati uchun mas’ul tuzilmalar, egalari belgilanmayotganligini ham gapirib o‘tdi.

«Elektron Portal»ning mobil versiyasini yaratish, «Elektron hukumat» va «Raqamli iqtisodiyot» kabi sohalarni o‘quv dasturlarga kiritish, innovatsion g‘oyalar va yondashuvlarni joriy etish, «Raqamli iqtisodiyotni» rivojlantirish uchun loyihalarni amalga oshirishda, «blokcheyn», «sun’iy aql», superkompyuterlarni joriy etishda davlat-xususiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, – Agentlikning mutaxassislari ustida bosh qotirayotgan muammolarning kichik bir ro‘yxati», — dedi u.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olim Umarov poytaxtimizdagi Amiti universitetining ochilishi haqida so‘zlab berdi, unda davlat organlari o‘z xodimlarini o‘qitishi va hatto ularni almashinuv dasturlari bo‘yicha xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborishlari mumkinligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, u axborot tizimlarini joriy etilgandan so‘ng ularni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdi. Misol uchun u «Ochiq ma’lumotlar portali» joriy etilgan yilda O‘zbekiston tegishli xalqaro reytingda 20 o‘ringa ko‘tarilishiga erishganligini ta’kidladi.

Olim Umarov loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish muhimligini ham ta’kidlab, Belarus Respublikasining tajribasini keltirdi, unda loyiha hujjatlaridan boshlab AKT sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlargacha bo‘lgan har bir hujjat tegishli ekspertizasiz tasdiqlanmaydi.

«Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi» DUK ekspertlari Dildora Akramova, Ilnur Izayev, O‘zbekiston Respublikasi axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida Nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining «Texnik ko‘maklashish markazi» DUK — Avazxo‘ja Qosimxodjayev, AKT vazirligi — Akmal Arifjonov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Ular, xususan, raqamli iqtisodiyot tizimlarini rivojlantirish doirasida AKT sohasida axborot tizimlarining texnik hujjatlari loyihalarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish tartibini batafsil ochib berdilar, «Elektron hukumat» tizimining foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning One ID yagona tizimini rivojlantirish istiqbollari, idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i imkoniyatlari, «O‘zbektelekom» AK tarmoqlariga ulanish tariflari va tartibi, axborotlashtirish ob’ektlarida texnik vositalarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi haqida so‘zlab berdilar.

Qatnashgalar ko‘plab savollar berishdi. Savollar barcha axborot tizimlari uchun yagona identifikatsiya mexanizmini joriy etish, keyinchalik takomillashtirish uchun loyihalar bo‘yicha xulosalarni batafsil yozib taqdim etish, loyiha hujjatlari uchun shablonlarni ishlab chiqish imkoniyati bilan bog‘liq edi. Barcha savollarga batafsil javoblar berildi. Agentlik vakillari «Elektron hukumat» va «Raqamli iqtisodiyot» sohalarida loyihalarni ishlab chiqish masalalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq