Koreya Respublikasi inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti delegatsiyasi bilan uchrashuv
31.07.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 30-iyul kuni LBMA qoshidagi Respublika oliy biznes va boshqaruv maktabida (keyingi o‘rinlarda Oliy maktab deb yuritiladi) janob Xvan Inpyo boshchiligidagi Koreya Respublikasi inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti (NHI) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

NHI delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda Oliy maktab va Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi (EHRILBM) rahbariyati ishtirok etdi.

Oliy maktab direktori Rustam Abduraupov o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, xususan, magistratura dasturlari – biznes boshqaruvi (MBA) va loyiha boshqaruvi (Project management) bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, korporativ boshqaruv, investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar haqida so‘zlab berdi.

«Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya» ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Doctor of Science) darajalarini olish uchun oliy ta’lim muassasasidan keyingi ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan rejalar mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

O‘z navbatida, Markaz mutaxassislari O‘zbekistonning elektron hukumatni rivojlantirish sohasidagi yutuqlari haqida so‘zlab berdilar. Xususan, yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 160 dan ortiq turdagi xizmatlar ishga tushirilgani, 11 milliondan ortiq ariza yuborilgani, davlat xizmatlarini yagona billing tizimi orqali 1 milliondan ortiq to‘lovlar amalga oshirilgani haqida so‘zlab berdilar. Bundan tashqari, 400 ming tadbirkor va 165000 yuridik shaxs onlayn rejimda ro‘yxatdan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

Davlat organlarining keng ommaga mo‘ljallangan axborotlarini ochiq ma’lumotlar shaklida joylashtirish uchun samarali mexanizmga aylangan ochiq ma’lumotlar yagona portalining imkoniyatlari ham taqdim etildi. Bugungi kunda portalda 132 ta davlat organi tomonidan 18 ta soha bo‘yicha 5675 dan ortiq ma’lumotlar to‘plami joylashtirildi. Ma’lumotlar foydalanuvchilar tomonidan 4.4 milliondan ortiq marotaba yuklab olindi.

Davlat axborot tizimlarini rivojlantirishning yagona printsiplarini ishlab chiqish, «Elektron hukumat» tizimini va «Raqamli O‘zbekiston-2030» dasturini rivojlantirish, davlat organlarining xizmatlarni elektron shaklda ko‘rsatishlaridan manfaatdorligini ta’minlash, ularning faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, inson kapitalini rivojlantirish kabi elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni joriy etishdagi to‘siqlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida qayd etildi.

O‘z navbatida, Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti tinglovchilari yig‘ilganlarni institut tarixi, o‘qitish metodikasi va o‘qitish yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Institutning xodimlari va tinglovchilarini boshqaruv lavozimlariga nomzod qilib ko‘rsatishdan oldin mutaxassislik bo‘yicha bir qator sohalarning hozirgi holatini o‘rganish maqsadida an’anaviy ravishda turli mamlakatlarga yuborish bo‘yicha amaliyot muhim ahamiyatga ega deb e’tirof etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq