«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ: «Bu yil elektr energiyasida reja bo‘yicha uzilishlar bo‘lmaydi»
29.07.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbirda ta’kidlandiki, bugungi kunda jamiyat tomonidan hududiy elektr tarmoqlari korxonalari orqali yurtimizdagi 6,7 milliondan ortiq aholi xonadoni va 308 mingdan ziyod yuridik iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida, joriy yilda elektr tarmoqlari va transformator punktlarini modernizatsiya qilinmoqda.

Qayd etilishicha, “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari yuzasidan shu paytgacha 24ta tuman va shaharlarda 950 mingdan ziyod zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatilgan. Yil yakuniga qadar 2,5 milliondan ortiq elektr hisoblagichlar o‘rnatiladi. 2020-yil yakuniga borib esa 7 milliondan ortiq iste’molchilarning barchasi ushbu tizimga to‘liq ulanadi. Zamonaviy hisoblagichlar jamiyat mablag‘lari hisobidan o‘rtacha 770 ming so‘mdan xarid qilinmoqda.

– Ushbu zamonaviy elektr hisoblagichlar iste’molchilarga bepul o‘rnatib berilmoqda, – dedi Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va muvofiqlashtirish (ASKUE) direktsiyasi direktori Botir Alimov. – Lekin bu mablag‘lar kreditlar hisobidan amalga oshirilmoqda. Uni qaytarish kerak. Mablag‘lar yangi tizimga o‘tganimizdan so‘ng, bir kVt elektr energiyasi narxining 15 so‘mi hisoblagichlarning pulini qoplash uchun yo‘naltiriladi. Bu — narxlar oshadi, degani emas. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, masalan, bir kVt elektr energiyasi narxi 230 so‘m bo‘lsa, ana shu summaning 15 so‘mini kreditga ajratamiz.

Mutaxassislar jurnalistlarning hududlarda elektr uzatish bilan bog‘liq savollariga javob berar ekan, bu yil qish mavsumida, agar hammasi reja bo‘yicha kechadigan bo‘lsa, uzilishlar bo‘lmasligini ta’kidlashdi. Qayd etilishicha, bu yil o‘tgan yillardagiga nisbatan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Shu bois, bu yil o‘tgan yillardagi kabi reja bo‘yicha o‘chirish bo‘lmaydi. Faqatgina avariya holatlarida yoki ob-havoning keskin o‘zgarishi oqibatida energiyaga bo‘lgan talab oshib ketgan taqdirdagina uzilishlar bo‘lishi mumkin. Ammo bu o‘zgarishlar rejadan tashqari bo‘lgani bois oldindan prognoz qilish va aholini ogohlantirish imkonimiz yo‘q.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va muvofiqlashtirish (ASKUE) tizimi joriy etilgach, iste’molchilarga nisbatan turlicha tariflar qo‘llaniladi. Jamiyat mas’ul xodimi Davrbek Imomovning aytishicha, xonadonlarga nisbatan qo‘llaniladigan 300 kVtlik limitdan ko‘zlangan maqsad — tejash madaniyatini shakllantirish. (Ma’lumot uchun, limitdan tashqari har bir kVt energiya 46 so‘m qimmatroq narxda hisoblanadi).

– Tan olish kerak, bizda tejash madaniyati shakllanmagan. Masalan, O‘zbekistonda bir xonadon bir oyda ishlatadigan o‘rtacha energiya sarfi 170 kVtga teng. Lekin yozda va qishda 500 kVtgacha chiqib ketadi. Agar tarifni 18 foizga oshirsak, odamlar 300 kVtdan kamroq ishlatishga harakat qiladi. Bu tizimga foyda, – dedi Imomov.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq