LBMA va BMTTD elektron hukumat sohasidagi hamkorlik yo‘nalishini belgilab olishdi
19.07.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2019-yil 18-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida «Samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiyani rivojlantirishga ko‘maklashish» loyiha (keyingi o‘rinlarda – loyiha) kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda LBMA rahbariyati va BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ishtirok etdi.
Majlis doirasida BMTTD bilan hamkorlikdagi loyihaning asosiy vazifalari va maqsadlari ko‘rib chiqildi va muhokama qilindi, birgalikdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Yig‘ilish yakunida tomonlar loyihani amalga oshirish maqsadida xalqaro donorlar mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni amalga oshirish va 2019-yilga mo‘ljallangan qayta ko‘rib chiqilgan loyiha ish rejasini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishdi.

2019-yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan loyiha faoliyatining asosiy yo‘nalishlari orasida quyidagilarni ajratish mumkin:

1. Davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha strategik va konseptual hujjatlarni, shu jumladan, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish konsepsiyasini, «Raqamli O‘zbekiston 2030» strategiyasini va boshqalarni ishlab chiqishga ko‘maklashish.

2. Elektron hukumat, ochiq ma’lumotlar, samarali boshqaruv, innovatsiya va boshqa sohalardagi xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning pozitsiyalarini yaxshilashda axborot-tahliliy va tashkiliy-texnik yordam ko‘rsatish.

3. Eng ko‘p talab qilinadigan davlat xizmatlarining, idoraviy va idoralararo jarayonlarning raqamli transformatsiyasi, xizmatlarning sifatini oshirish va foydalanuvchilarning ehtiyojlarini maksimal darajada qondirish, yagona texnologik yondashuvlarni ta’minlash, IT xarajatlarini kamaytirish uchun davlat raqamli platformalarini yaratish.

4. Davlat boshqaruvining samaradorligi va sifatini yaxshilash uchun (xizmatlarni ko‘rsatish, ma’muriy jarayonlar, hamkorlik) innovatsion raqamli yechimlarni amalga oshirish (blokcheyn, sun’iy intellekt, ma’lumotlarni tahlil qilish va boshqalar).

5. Raqamli transformatsiyaning dolzarb masalalari, jumladan, raqamli platformalar, standartlar, biznes jarayonlarini qayta tiklash, funksional tahlil, ma’lumotlar asosida boshqarish, innovatsion texnologiyalar (blokcheyn, sun’iy intellekt, narsalar Interneti, robototexnika va boshqalar) kabi dolzarb mavzu bo‘yicha amaliy tadqiqotlar o‘kazish.

6. Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning huquqiy, institutsional, texnik asoslarini ekspertizadan o‘tkazish hamda ilg‘or jahon tajribasini hisobga olgan holda ularni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun xalqaro va milliy ekspertlarni jalb qilish.

7. Elektron hukumatni rivojlantirish va davlat boshqaruviga innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy etishga mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston davlat organlari vakillarining elektron hukumat va davlat boshqaruviga innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha yetakchi mamlakatlarga o‘quv safarlarini tashkil etish.

8. Raqamli texnologiyalar, elektron hukumat va loyiha boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash milliy tizimini rivojlantirishga ko‘maklashish.

9. Samarali davlat boshqaruvi, innovatsiya, davlat xizmatlarini takomillashtirish, raqamli hukumat, raqamli iqtisodiyot, blokcheyn va loyihaning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha davlat xizmatchilarining mahoratlarini rivojlantirish va rag‘batlantirish.

10. Aholining raqamli savodxonligini rivojlantirishga ko‘maklashish, elektron hukumatning afzalliklari, raqamli xizmat ko‘rsatish kanallari haqida xabardorlikni oshirish va h. k.

Ma’lumot uchun: «Samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiyani rivojlantirishga ko‘maklashish» – BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining qo‘shma loyihasi. Loyiha 2020-yil 31-dekabrda tugallanishi rejalashtirilgan. Loyihaning asosiy maqsadi davlat xizmatlaridan foydalanishni yaxshilash, axborot texnologiyalari, muhandislik fanlari va elektron hukumat sohasida milliy salohiyatni mustahkamlash va davlat boshqaruvi islohotlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq