Mehribonlik uyining zukko bolalari
18.07.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Bu so‘limgina maskan oltmish yillar muqaddam bolalar uyi tasarrufiga berilgan ekan. Avvallari Mehribonlik uyi bolalarining yozgi dam olish hovlisi deb atalgan bo‘lsa, hozirgi davrda esa, aniqrog‘i 10 yil avval bolalar uyining sog‘lomlashtirish oromgohiga aylantirilgan ekan. Bu muqaddas qadamjoda bolalarning to‘laqonli dam olishlari, salomatliklarini tiklashlari uchun hamma shart-sharoitlar mavjud. Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahridagi 12-mehribonlik uyi oromgohi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Abrorjon Xo‘jaqulovning guvohlik berishicha, bolajonlarning yurtimizning asl, fidoiy fuqarolari bo‘lib kamolga yetishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etib qo‘yilgan.

Bizning bu maskanga tashrifimizdan maqsad – oromgohda bolalarga kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘tilayotgan mashg‘ulotlar bilan tanishish edi. Maqsadimni bilib, darhol yonimga bo‘lg‘usi aytishniklar hozir bo‘lishdi. Juda qiziquvchan, biri-biridan zukko, bilimdon. Har qanday sinovlargayu savollaringizga javoblari tayyor! E, qoyil-e! Bu sohada ularning bilimlari va malakalarining ortishiga ustozlari Hidoyat opa Rasulovaning xizmatlari katta ekan.

Kompyuter va zamonaviy texnologiyalar sohasiga oid bilimlarni egallashga ishtiyoqmand bolajonlar Hidoyatxondan nafaqat zarur bilimlar, balki zamonaviy qurilmalardan foydalanish malakalarini ham o‘rganayotgan ekanlar. Hidoyatxon Rasulova to‘garak rahbari sifatida bolajonlarni qiziqtirgan barcha savollariga javob berib, ulardan to‘g‘ri foydalanish sohasida zarur ta’limiy va tarbiyaviy ishlarni olib bormoqda.

12-mehribonlik uyi 9-sinf o‘quvchisi Zayniddin Norqo‘ziyev, 8-sinf o‘quvchisi Azizbek Mamatqulov hamda 10-sinf o‘quvchisi Shahloxon Alimatovalar bilan suhbatimiz juda qiziqarli va unutilmas bo‘ldi. Bu bolajonlar kompyuter dasturlarida ishlash, word dasturida matn terish bo‘yicha ko‘p marta o‘tkazilgan musobaqalar g‘oliblari bo‘lgan ekanlar. Matn terish tezligida ham bir-birlaridan qolishmadi.

Quvonarlisi shuki, bu bolajonlar o‘z kelajak istiqbollarini belgilab olgan ekanlar. Zayniddin temir yo‘lchi bo‘lish ishtiyoqida ekan. Azizbek akasi tahsil olayotgan Muhammad al-Xorazmiy nomli Toshkent axborot texnologiyalari universitetining harbiy yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirish orzusida. Shahloxonning niyati mashhur chevar bo‘lish.

— Hidoyat opamiz bu haqda: “Hayotda o‘z o‘rnini topish, boshqalardan ajralib turish, izlanish, o‘qish, tinimsiz mehnat qilish orqaligina yetuk kasb mutaxassisi, jumladan, elga manzur chevar bo‘lish mumkin. Qo‘li gul chevarlar ham kompyuter borasidagi bilimlarni chuqur o‘rganishi darkor. Hozirgi vaqtda kompyuterlashtirilgan tikuv mashinalarini boshqarish uchun zamonaviy kompyuter dasturlarini o‘rganish zarur” — deydilar.

— Internetda mashhuri jahon dizaynerlar, mahoratli chevarlar yaratgan liboslar namoyishlarini — poddiumlarini tomosha qilganimda zavqlanib ketaman. Uch yilki, to‘garaklarga qatnashib chevarchilik ishi sir-sinoatlarini o‘rganayotganimdan xursand bo‘laman. Maqsadim – o‘zimning, kelajakda oilamning, atrofimdagilarning kelgusi hayotini chiroyli, to‘kin-sochin qilishdir” — dedi Shahlobegim..

Bu zukko, ziyrak bolalar bilan muloqot jarayoni taassurotlarini juda uzoq hikoya qilish mumkin. Suhbat davrida ularning ko‘zlarida orzulari tomon qanchalar intilayotganlari, ko‘ngillarida ertangi katta hayotga bo‘lgan umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun yanada ko‘proq bilim olish istaklari aks etardi.

Tashkil etilganiga 100 yil bo‘lgan 12-mehribonlik uyi bolalarining kelajagi yorqin bo‘lib, chehralari baxtdan charaqlab turishini tilab qaytdik! Bolajonlarga yurtimizning barkamol shaxslari bo‘lib tanilishlarida omadlar tiladik.

O‘z kuchingiz va bilimlaringizga ishoning, o‘qish, izlanishdan aslo charchamang, aziz bolajonlar! Sizni go‘zal va baxtli hayot kutmoqda!

Suratda: 12-mehribonlik uyi 9-sinf o‘quvchisi Zayniddin Norqo‘ziyev, 8-sinf o‘quvchisi Azizbek Mamatqulov hamda 10-sinf o‘quvchisi Shahloxon Alimatovalar.

Surat muallif tomonidan olingan.

Hafiza Salyahova, jurnalist

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq