“Xorazm” innovatsion texnoparki tashkil etildi
17.07.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Xorazm viloyatining ilmiy-texnik va innovatsion salohiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi (585-son, 15.07.2019-y.)

Qarorga muvofiq, Urganch davlat universiteti huzurida “Xorazm” innovatsion texnoparki tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilandi.

Texnoparkning rezidenti maqomi Xorazm viloyati hokimligining qaroriga asosan xoʻjalik subyektlariga tanlov asosida 10 yil muddatga beriladi va ular keyinchalik texnopark direksiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi.

Qaror bilan Urganch sanoat kollejining bino va inshootlari Urganch davlat universitetiga berildi hamda kelgusida bu yerda texnopark direksiyasini joylashtirish belgilandi.

“Xorazm” texnoparkining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

— hududda ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tezkor va keng joriy etish, jumladan raqobatbardosh va innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni yaratish, kelgusida ularni sotish uchun talabalar va yosh olimlarga qulay sharoitlar yaratish orqali;

— yuqori texnologiyalar sohasida tadqiqotlar oʻtkazish va ilmiy-texnik hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun yagona maydon yaratish orqali hududning innovatsion imkoniyatlarini oshirish;

— startap-loyihalarni joriy etish va hududning dolzarb muammolarini hal qilish uchun ilmiy va laboratoriya tadqiqotlarini oʻtkazish jarayoniga olimlar, kafedra ilmiy xodimlari, oliy taʼlim muassasalarining oʻqituvchilar va talabalarni jalb etish;

— zamonaviy talablarga javob beruvchi malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek hududni sifatli yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlar bilan taʼminlash maqsadida ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish intergatsiyasini yanada mustahkamlash;

— hududda yuqori texnologiyali infratuzilma xususan zamonaviy laboratoriyalar va ishlab chiqarish maydonlarini yaratish, shuningdek venchur moliyalashtirish mexanizmidan foydalanish imkoniyatlarini nazarda tutgan holda ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda texnopark rezidentlarini qoʻllab-quvvatlash;

— yetakchi kompaniyalar vakillari, yuqori malakali mutaxassislar ekspertlar ishtirokida mahorat darslari, treninglar tashkil etish, shuningdek yoshlarda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar bilan innovatsion-korporativ hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar oʻtkazish.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq