Oʻzbekistonlik oʻquvchilar Xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etmoqda
17.07.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Oʻzbekiston terma jamoasi joriy yilning 16-21-iyul kunlari boʻlib oʻtadigan 60-Xalqaro matematika olimpiadasida (XMO) ishtirok etish uchun Buyuk Britaniyaga tashrif buyurdi.

Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida Jaxongir Toʻraev, Rasulbek Ozodov, Abbos Sayliev, Jasurbek Imomov, Abdushukur Ahadov va Akbar Erkinovlar ishtirok etishadi. Toshkent shahridagi Inha universiteti professori Rustam Turdiboev (PhD) Oʻzbekiston terma jamoasiga guruh rahbari etib tayinlandi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti terma jamoani mazkur olimpiadaga tayyorladi.

Alohida taʼkidlash joiz, mamlakatimiz terma jamoasi 1997-yildan beri XMOda ishtirok etib kelmoqda. Bugungi kunga qadar yurtimiz vakillari 9 ta kumush va 26 ta bronza medalni qoʻlga kiritgan.

Xalqaro matematika olimpiadasi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasida har yili oʻtkaziladigan jahon chempionati hisoblanadi. Birinchi XMO 1959-yilda Ruminiyada etti mamlakat ishtirokida tashkil etildi. Soʻnggi yillarda xalqaro olimpiadada besh qitʼadan yuzdan ortiq mamlakat qatnashib kelmoqda. XMO Kengashi olimpiadada ishtirok etuvchi mamlakatni tasdiqlab, oʻz anʼanalari asosida qoidalarga rioya etilishini nazorat qiladi.

XMO qoidalariga koʻra, har bir mamlakat olti qatnashchidan iborat guruhni olimpiadaga yuboradi. Ishtirokchilar ikki kun davomida bellashadi.

Ishtirokchilarga 6 ta vazifa (kuniga uchta vazifa) beriladi. Ularning har biri 7 ball bilan baholanadi. Koʻpi bilan 42 ball jamlanadi.

Vazifalar matematikaning turli yoʻnalishlaridan, yaʼni algebra, geometriya, raqam nazariyasi va kombinatoriya boʻlimlaridan tanlab olinadi. Mazkur vazifalarni yechishda oliy matematika boʻyicha majburiy bilimlarga ega boʻlish talab qilinmaydi. Olimpiada uchun vazifalar tanlanayotganda, oddiy vaziyatdagi muammolar beriladi. Bu vazifalar tayyorgarlik koʻrmagan oʻquvchilar uchun ham tushunarli boʻladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq