TATU harbiy kafedrasi talabalarining qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi
15.07.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 14-iyul kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining harbiy kafedrasida, kafedrada xarbiy xizmat burchini ado etayotgan talabalarining harbiy qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Harbiy qasamyod marosimi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori To‘lqin Zakirovichning kirish so‘zi bilan ochib berildi. TATU rektori talabalarga vatan oldidagi farzandlik burchini ado etishlarida mardanovor xizmat qilishlari, o‘zining yuksak bilim hamda kuch-salohiyatini O‘zbekiston ravnaqiga safarbar etishlarini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng tadbirning asosiy qismi – xarbiy kafedra talabalarining qasamyod qabul qilish jarayoni boshlandi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti harbiy kafedrasi oliy o‘quv yurti tashkil etilgan kundan beri faoliyat olib bormoqda. Harbiy kafedraning asosiy vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga zahira va rezerv ofitser kadrlarni tayyorlab berishdan iborat, shunday bo‘lishiga qaramasdan, Qurolli Kuchlar saflarida harbiy kafedraning ko‘plab bitiruvchilari haqiqiy harbiy xizmatni o‘tab kelmoqdalar.

Harbiy kafedrada texnik tayyorgarlik hamda umumharbiy tayyorgarlik sikllari faoliyat olib bormoqda.

2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tegishli buyruqlariga asosan, harbiy kafedraning shtati tubdan o‘zgartirilib, harbiy kafedrada haqiqiy harbiy xizmatdagi ofitserlar uchta – harbiy kafedra boshlig‘i (podpolkovnik Bobojonov O‘.K.), ikkita sikl boshliqlari (podpolkovniklar Muxammadiev J.E. va Qambarov Q.N.), Qurolli kuchlar xizmatchilari hisoblangan qolgan 9 ta o‘qituvchi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilib, bugungi kunda harbiy pensiyada bo‘lgan harbiy xizmatchilardir.

Barcha o‘qituvchilar ko‘p yillik harbiy xizmat va pedagogik tajribaga ega. Harbiy kafedra o‘qituvchilar tarkibida ikkita fan nomzodi, O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Akademiyasining 5 ta bitiruvchisi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida, TATU Maxsus fakultetida, Qurolli Kuchlarning Serjantlar tayyorlash maktablarida ko‘p yillar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan tajribali Qurolli Kuchlar xizmatchilari mehnat qilmoqdalar.

Harbiy kafedrada harbiy aloqachi hamda axborot xavfsizligi yo‘nalishlari bo‘yicha to‘rtta harbiy hisob ixtisosligi bo‘yicha zahiradagi va rezervdagi ofitserlari tayyorlanadi.

2018-2019 o‘quv yili uchun o‘tgan yilning aprel-iyun oylarida universitetning 2 kurs talabalari orasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlov natijasida 165 ta talaba, harbiy tayyorgarlik fanlarini o‘rganish uchun tanlab olingan edi.

Harbiy kafedrada ta’lim olgan ushbu talabalar Yunusobod tuman mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi tomonidan o‘quv yig‘inida ishtirok etish uchun chaqirildi. O‘quv yili davomida ular harbiy tayyorgarlik fanlari bo‘yicha bilim olib, o‘quv yig‘inida bu bilimlarini amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamladilar. Amaliy mashg‘ulotlarning ko‘p qismi Mudofaa vazirligining harbiy qismlarida hamda Aloqa harbiy institutida tashkil etildi.

Davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar Vatanga, Prezidentga, xalqimizga sodiq bo‘lishga qasamyod qildilar. Tadbir davomida talabalarning ko‘rgazmali harbiy chiqishlari namoyish etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq