«O‘ZRTXB» AJ mutaxassislari elektron tijoratning so‘nggi trendlari bilan tanishdilar
03.07.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2019-yil 21-iyun kuni “O‘zRTXB” AJning bosh ofisida amerikaning “W. W. Grainger, Inc.” sanoat kompaniyasining mutaxassisi – “O‘zRTXB” AJning sobiq xodimi Po‘lat Tillaboyev birja xodimlari uchun elektron tijorat sohasida master-klass o‘tkazdi.

Tadbir boshlanishida Po‘lat Tillaboyev yillik 11,2 mlrd. AQSh dollarlik daromadiga ega “W. W. Grainger, Inc.” kompaniyasining muvaffaqiyatli faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, “W. W. Grainger, Inc.” 1927-yilda AQShda tashkil etilgan bo‘lib, kompaniya sanoat mahsulotlarini Internet, elektron katalog va mahalliy do‘konlar orqali sotish bilan shug‘ullandi. Kompaniya AQSh va Kanada davlatlarida elektron savdo yo‘nalishida eng yirik 10 ta chakana sotuvchilaridan biri hisoblanadi.

Kompaniyaning tarkibiy tuzilmasiga dunyo bo‘yicha 500ta filial va 31ta yirik distribyutor markazlari kiradi. Kompaniya sotuv hajmining katta qismini tovarlarni yuklash va tashish uskunalari, xavfsizlik uchun mo‘ljallangan materiallar, yuklash-tushirish xizmatlari, yoritg‘ich uskunalari va boshqalar egallaydi. Asosiy mijozlariga esa og‘ir va yengil sanoat korxonalari, budjet tashkilotlari, tijorat korxonalari, transport kompaniyalari va vositachilari kiradi.

Trening davomida xorijiy kompaniyaning mutaxassisi elektron tijorat dasturlarini joriy etish bo‘yicha tahlilchi-rahbar sifatida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, o‘tkaziladigan tahlillarning turlari va bosqichlari hamda ularning biznes jarayonlar samaradorligini oshirish va kompaniyaning faoliyatini optimallashtirishda tutgan o‘rni haqida batafsil aytib berildi.

Shuningdek, kichik guruhlarning faoliyatini tashkil etishda samarali usul sifatida keng qo‘llaniladigan Agile metodologiyasi alohida ko‘rib chiqildi. Mazkur metodologiya mijozning talablaridan kelib chiqqan holda, tovar va hizmatlarni ishlab chiqish jarayoniga loyihani barcha ishtirokchilarini jalb qilishni nazarda tutadi. Ushbu jarayon guruh sessiyalari (uchrashuvlar) shaklida amalga oshirilib, unda turlicha yangi g‘oyalar tug‘iladi va sinovdan o‘tkaziladi. Mazkur uchrashuvlar natijasida har bir ishtirokchi loyihaning mohiyatini yaxshiroq anglab yetadi. Bu esa yanada sifatliroq mahsulot yoki xizmatni ishlab chiqishga imkon beradi.

Bundan tashqari, tadbirda yangi dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etish, tovar va xizmatlarni bozorlarga turli kanallar orqali olib chiqish, korporativ boshqaruvning yangi turlari va shakllarini qo‘llashga doir masalalarga ham e’tibor qaratildi.

Master-klass yakunida dunyoda elektron tijoratning rivojlantirishning zamonaviy trendlari va “O‘zRTXB” AJ faoliyatida xorijiy kompaniyalarning ilg‘or tajribasidan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Birja mutaxassislari treningning amaliy ahamiyati va bunday tadbirlarni muntazam ravishda amalga oshirish zarurligini ta’kidladilar.

Ma’lumot: Po‘lat Tillaboyev 2001-yilda AQShda Stetson Universitetining Moliya fakultetini, 2015- yilda AQShda Notr-Dam Universitetining MVA magistraturasini tamomlagan. 2004-2013 yillarda “O‘zRTXB” AJning Axborot-tahliliy bo‘limi boshlig‘i va Kichik biznes subyektlari mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlash Markazining direktori lavozimlarida ishlagan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq