MDH davlatlarining milliy to‘lov tizimlari hamda bank rahbarlarining uchinchi ishchi uchrashuvi
19.06.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Shu kunlarda Samarqand shahrida MDH davlatlarining milliy to‘lov tizimlari hamda bank rahbarlarining uchinchi ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Abxaziya Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining to‘lov tizimlari hamda banklari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirning ochilish marosimida “Milliy to‘lov tizimi” ( “Mir” to‘lov tizimining operatori) Bosh direktori Komlev Vladimir Valeryevich va Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi (YaUPM) (Uzcard banklararo to‘lov tiziminig operatori) Bosh direktori Mahmudov Axror Abrorovich so‘zga chiqdi hamda ikkala davlatning to‘lov tizimlari infrastrukturasi rivojlanishi, to‘lov xizmatlarining sifati va xalq vakillariga taklif etilayotgan innovatsion yechimlar borasida fikr almashildi.

YaUPM Bosh direktori Mahmudov A.A. Rossiya davlatining Milliy to‘lov tizimi bilan hamkorlik qilish istiqbollari va avzalliklariga alohida to‘xtaldi:

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat Qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga binoan, 2018-yil davomida MDH davlatlaridan mamlakatimizga 5 milliondan ortiq sayyohlar tashrif buyurgan. Jumladan, “Mir” to‘lov tizimi bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik nafaqat O‘zbekiston, balki MDH davlatlarining istiqboli uchun ham xizmat qilib keladi. Rejaga muvofiq, integratsiya jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Joriy yilning yakuniga qadar, kompaniyamiz tomonidan Aloqabank bankining terminallar parkini protsessing markaziga ulash ishlari o‘z nihoyasiga yetkaziladi. Bugungi kunga kelib, ushbu bank 6 380 ta POS-terminal va bir qator ATM qurilmalarini foydalanishga topshirib kelmoqda. Rossiya va O‘zbekiston to‘lov tizimlarini integratsiya qilish davri mobaynida ikki to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi «Uzcard-Mir» kobeydjing kartalarini muomalaga chiqarish rejalashtirilmoqda. Kobeydjing kartalarini foydalanuvchilar ihtiyoriga topshirishimiz bilan bir qator to‘lov jarayonlarining soddalashuviga, jumladan, kartadan kartaga pul o‘tkazish va MDH davlatlarida to‘lovlarni amalga oshirish kabi jarayonlar osonlashtirilishi ko‘zda tutilmoqda. Umuman olganda, biz “Mir” to‘lov tizimining dasturiy yechimini qabul qilish va joriy etish tarafdorimiz”.

Shuningdek, Mahmudov Axror Abrorovich tomonidan YaUPM faoliyatiga tegishli, Uzcard banklararo to‘lov tizimi infrastrukturasi, protsessing markazining 2004-2018 yillarni o‘z ichiga olgan statistik ma’lumotlar taqdimoti ishtirokchilar e’tiboriga namoyish etildi.

Rossiya Milliy to‘lov tizimi Bosh direktori Komlev Vladimir Valeryevich tomonidan MDH davlatlari o‘rtasida rivoj topayotgan hamkorlikka tegishli fikr bildirildi:

“Biz MDH davlatlarida sayohat qilayotgan odamlarning qulay his etishlari uchun qo‘limizdan kelganini bajaramiz. O‘z navbatida, texnologik imkoniyatlarning yaratilishi chegarasiz to‘lov tizimining bir qismini tashkil etib, Rossiya va O‘zbekiston madaniyatlarining chambarchas bog‘liqligini aks ettiradi”.

Uchrashuv yakunida MDH davlatlari to‘lov tizimlarining rahbarlari tomonidan to‘lov tizimlari texnologiyalarini takomillashtirish ishlarini rivojlantiruvchi kengash tuzilishi taklif etildi. Ushbu kengash to‘lov vositalarining to‘siqlarsiz xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash, milliy to‘lov kartalarini rivojlantirish, xizmat turlari va dasturiy yechimlarni o‘zaro yaratish hamda mahalliy boshqaruv organlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalarni yechish maqsadida faoliyat olib boradi.

Ikki kun davomida MDH davlari vakillari to‘lov tizimlari sohasidagi tajribasi va o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq