Qozog‘istonning «Zerde», «NIT» va O‘zbekistonning Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi o‘rtasida uchtomonlama kelishuv imzolandi
15.06.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 12-14 iyun kunlari Nur-Sulton shahrida (Qozog‘iston) har yili o‘tkaziladigan – “IDC Central Asia SIO Summit 2019” sammiti bo‘lib o‘tdi.

IDC Central Asia SIO Summit – bu Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Mongoliya davlatlaridagi yirik kompaniyalar va davlat tashkilotlarining yuqori darajadagi rahbarlari, tadqiqotchilari va soha ekspertlari o‘rtasida tajriba almashish va muloqot qilishga mo‘ljallangan eksklyuziv maydoncha bo‘lib, unda ishtirokchilar o‘zlarining omadli strategiyalari bilan o‘rtoqlashishlari va aktual masalalarni hamkasblari qanday usullar bilan hal etayotganlarini bilib olishlari mumkin.

Sammit dasturi yalpi majlis, sohaning muhim mavzulari bo‘yicha seksiyalar, davra suhbatlari, individual uchrashuvlar, master-klasslar va netvorking-sessiyalardan tashkil topdi.

Bu yilda sammitning asosiy mavzulari sifatida quyidagilar tanlandi:

— Biznes, shahar va mamlakatning Raqamli Transformatsiyasi strategiyasi;

— Raqamli biznesni rivojlantirishda ustuvor yo‘nalishlar;

— Raqamli tashkilotning madaniyatini rivojlantirish;

— Raqamli biznesning tashkiliy tarkibi;

— CIO va CDO ning tashkilotdagi roli;

— Integratsiya qilingan raqamli strategiyalar va rivojlanish yo‘li;

— Masshtablashtirish imkoniyatlari;

— Raqamli KPI;

— Platformalarni qayta shakllantirish;

— Raqamli texnologiyalar bilan hayot.

Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) va Agentlik qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi xodimlari ishtirok etishdi.

Sammit davomida “Zerde” Milliy axborot-kommunikatsiyalari xoldingi (Qozog‘iston), “Milliy axborot texnologiyalari” AJ («NIT» AJ, Qozog‘iston) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi o‘rtasida Elektron hukumat sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida uchtomonlama Kelishuv imzolandi.

Ma’lumot uchun: «Zerde» Milliy axborot-kommunikatsiyalari xoldingi – Qozog‘istonning yirik davlat kompaniyasi bo‘lib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Xolding 2008-yil iyul oyidan buyon Qozog‘iston Respublikasi Hukumatining qaroriga asosan faoliyat yuritib keladi. «Zerde» xoldingi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bozorini rivojlantirish va ilg‘or loyihalarni amalga oshirish, yagona axborot-kommunikatsiya muhitini yaratish maqsadida tashkil etilgan.

Kelishuv tomonlarning quyidagi yo‘nalishlarda hamkorligini ko‘zda tutadi:

1) tomonlar o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish;

2) axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida normativ-huquqiy hujjatlar, standartlashtirish sohasidagi hujjatlari, shuningdek, o‘zaro foydali bo‘lgan ochiq ma’lumotlar va hujjatlar bilan almashish;

3) elektron hukumatni rivojlantirish sohasida forumlar, davra suhbatlari, seminar va taqdimotlar, o‘quv kurslari, uchrashuv va muzokaralarni hamkorlikda tashkillashtirish va o‘tkazish;

4) konsultatsiya berish bo‘yicha xizmatlar va tajriba almashish sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

5) elektron hukumatni rivojlantirishga taalluqli bo‘lgan boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatish.

Ma’lumot uchun: “Milliy axborot texnologiyalari” Aksionerlik jamiyati («NIT» AJ) – Qozog‘iston Respublikasining axborot-texnologiyalari bozoridagi eng yirik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Qozog‘iston Respublikasi hukumatining 2000-yil 4-apreldagi 492-son Qarori bilan tashkil etilgan. 2008-yildan buyon «Zerde» Milliy axborot-kommunikatsiyalari xoldingi”ning tarkibiga kiruvchi korxonasi hisoblanadi. “NIT” AJ 2016-yil 29-yanvardan “Elektron hukumat” axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi operatori etib belgilangan va 2016-yil 26-fevraldan – Yagona kontakt-markazi vazifasini ham bajarib keladi.

Imzolangan Kelishuvning maqsadi – elektron hukumat sohasida tomonlarning tenglik, birgalikda rivojlanish, o‘zaro anglash, hurmat va ishonchga asoslangan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda takliflar ishlab chiqish, bilim, tajriba va innovatsion yechimlar bilan o‘rtoqlashish hisoblanadi.

Kelishuvdagi maqsadlarga erishish uchun tashkilotlar o‘zaro ma’lumot va hujjatlar, shuningdek, normativ hujjatlar bilan almashishga, muzokaralar o‘tkazish, ularda ishtirok etish va boshqa harakatlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq