AKT Vaziri yoshlar masalalariga oid xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etdi
15.06.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

14-iyun kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda mazkur Akademiya qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan “Yoshlar ijod saroyi”da “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi: mavjud vaziyat va rivojlantirish istiqbollari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Tadbirda 14 ta davlatdan xalqaro ekspertlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari hamda TIKA, JICA, KOICA singari xalqaro tashkilotlar, Yaponiyaning Nagoya universiteti mutaxassislari, respublikamizdagi turli vazirlik va idoralarning rahbarlari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ishtirok etdi hamda yoshlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini oʻrgatishning dolzarb masalalari va ularni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼruza qildi.

Vazir oʻz maʼruzasida bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda axborot jamiyatini shakllantirish maqsadida fuqarolarni yoshligidan texnologiyalarni chuqur oʻzlashtirishlariga alohida eʼtibor qaratilishi, dasturlash alohida kasb emasligi, balki barcha yoʻnalishlardagi zamonaviy mutaxassislarning toʻlaqonli shakllanishlariga oid bir qator dolzarb masalalarni oʻzida mujassamlashtirgan, har bir mutaxassis bilishi lozim boʻlgan fundamental bilimga aylanib borayotganini taʼkidladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchisida aynan ushbu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilganini eʼtirof etdi.

Anjuman doirasida dunyo mamlakatlari tajribasini inobatga olgan holda, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda lozim boʻlgan vazifalar, yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, ularning bandligini taʼminlash, yoshlar oʻrtasida IT sohasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xalqaro anjuman ertaga, 15-iyun kuni oʻz ishini davom ettiradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq