O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Huawei bosh qarorgohiga tashrif buyurdi va “Seeds for the Future” talabalarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi
14.06.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Iyun oyining avvalida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) 10 nafar talabasi Huawei kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan beshinchi marotaba o‘tkazilayotgan “Seeds for the Future” (Kelajak Nihollari) loyihasi doirasida Xitoyga ikki haftalik amaliyot kurslariga jo‘nab ketishdi.

Amaliyot dasturi doirasida talabalar Xitoyning Pekin va Shenchjen shaharlarida bo‘lib, Xitoy tili va kalligrafiyasi bo‘yicha boshlang‘ich kursni o‘tadilar, Xitoy madaniyati va shahardagi diqqatga sazovor joylar bilan tanishdilar, shuningdek, Huawei kompaniyasining 5G, Big Data, bulutli texnologiyalar va IoT singari innovatsion yechimlari bo‘yicha tashkil qilingan treninglarda qatnashdilar. O‘zbekistonlik talabalar bilan bir qatorda Mongoliya, Vengriya va Chexiyadan kelgan talabalar ham o‘quv kurslarida ishtirok etdilar.

14-iyun kuni Huawei bosh qarorgohida ushbu dasturda qatnashgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov yurtimizdan borgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida marosimda ishtirok etish uchun Shenchjen shahriga yetib keldi. O‘zining tabrik nutqida janob elchi IT-sohasidagi yosh mutaxassislarni tayyorlash masalasining nechog‘lik dolzarb ekanligini ta’kidlab, o‘zbekistonlik talabalar uchun ta’lim va tadqiqot dasturlarini rivojlantirishda qo‘shgan hissasi uchun Huawei kompaniyasiga minnatdorlik bildirdi.

Bosh qarorgohga tashrifi doirasida O‘zbekiston elchisi kompaniyaning ko‘rgazmalar zaliga taklif qilinib, u yerda delegatsiya a’zolari Huawei kompaniyasining shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, “Aqlli shahar” konsepsiyasi bazasida AKT texnologiyalardan uy-joy va kommunal xo‘jalik sohasida foydalanish, favqulodda hodisalarni boshqarish, bulutli texnologiyalarga asoslangan yirik hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash kabi yo‘nalishlardagi yechimlari bilan tanishtirildi. Shuningdek, mehmonlarga ayni vaqtda O‘zbekistonda ham joriy etilishi muhokama qilinayotgan “xavfsiz shahar» konsepsiyasi borasida ma’lumot berildi.

“Biz Huawei bosh qarorgohida janob elchini qabul qilishdan va hurmatli mehmonlarni O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasini amalga oshirishga yordam beradigan yechimlar, shu jumladan, qishloq joylari va “aqlli shahar” loyihasini tatbiq etishga imkonyat yaratadigan texnologiyalar bilan tanishtirishdan mamnunmiz. Ayniqsa, “Seeds for the Future” loyihasi bo‘yicha ta’lim olgan talabalarni taqdirlash marosimiga tashrif buyurgani uchun elchi janoblariga alohida tashakkur izhor etamiz”. O‘z mamlakatida AKT sohasini rivojlantirish maqsadida innovatsion texnologiyalar bo‘yicha bilim olishga intilayotgan yoshlar uchun davlat hokimiyati vakillarining qo‘llovini his etish juda muhim ahamiyatga ega, bu ularni yanada olg‘a intilishga ilhomlantiradi”, — dedi tadbirda qatnashgan Huaweining O‘zbekistondagi bosh direktori, Lyu Szyasin.

“Seeds for the Future” loyihasi O‘zbekistonda 5 yildan beri amalga oshirilmoqda, bu davr mobaynida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) 50 nafar talabasi Xitoyda stajirovka o‘tib qaytishdi, shu bilan bir qatorda, Huawei kompaniyasining Toshkentdagi Innovatsion markazida boshqa OTM va kollej talabalari uchun muntazam ravishda, ochiq eshiklar kunlarini tashkil etib kelmoqda. Ushbu dasturga 2008-yilda kompaniyaning Xitoydagi bosh qarorgohida asos solingan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida jahonning 108 ta mamlakatidan 30 000 nafar yoshlar “Seeds for the Future” loyihasida qatnashgan, ulardan 4725 nafari Xitoyda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishgan.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq