“Nihol” bolajonlarga o‘z bag‘rini ochdi
14.06.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O‘quvchi-bolalar “Nihol” bolalar oromgohining ochilishini intiqib kutishgandi, nihoyat mana tantanali tadbir bilan bolalarga o‘z eshiklarini ochdi. Bu – partalarda soatlab o‘tirishdan, “uy vazifalari”dan ham jismonan, ham ruhan toliqqan o‘g‘il-qizlarga cheksis quvonch bag‘ishladi. Yomg‘irli kunlar sabab biroz kechiktirib o‘tkazilgan mazkur tantanali tadbir nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari uchun ham unutilmas lahzalarni taqdim etgan bo‘lsa, ne ajab. Ularning shodligi farzandlarinikidan kam emasdi. Albatta-da, axir farzandlari uchun madaniy va ma’naviy hordiq chiqarish kunlari yetib keldi. O‘sib-ulg‘ayayotgan bolajon qanchalar zavqu-shavq bilan yayrab hordiq chiqarsa, shunchalar sog‘lom va baquvvat bo‘ladi va ayni paytda, shunga monand aql-idroki, dunyoqarashi, tafakkur olami ham kengayadi.

Oromgohda “Tasviriy san’at”, raqs, ingliz tili, “Mohir qo‘llar”, sportning barcha turlari bo‘yicha to‘garaklar amal qiladi. “Nihol” hayoti shunchalar totliki, bir marta kelgan bola har yili kelsam, deydi.

– Men nafaqadagi faxriy-o‘qituvchiman, – dedi Karimaxon opa Zaylobiddinova. – Ilgari ushbu serfayz oromgohda farzandlarim dam olishni yaxshi ko‘rishardi. Endi nabiralarim miriqib, o‘ynab-kulib charchoqlarini yozishyapti. Oromgoh deganlari shunday maskanki, bu yerda bolalar mustaqillikka, erkin fikrlashga o‘rganadilar. O‘z nuqtai nazarlarini aytibgina qolmay, bemalol fakt va misollar bilan himoya qilish ko‘nikmasini egallaydilar. Menga oromgohning shu jihatlari, ayniqsa, yoqadi. Har bir guruhda bir tarbiyachi, ikki nafar yetakchi borligini ayting. Shu tomonlaridan ham ko‘nglim xotirjam. Uyda behavotir o‘tiramiz. Shunday bo‘lsa ham, tez-tez kelib, xabar olib turaman. Oromgoh rahbariyatiga, pedogoglariga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman. Baraka topishsin!

– Men ham oromgoh faoliyatidan mamnunman. Uch o‘g‘lim ham shu oromgohni juda yaxshi ko‘rishadi, – dedi Farg‘ona shahridagi 25-ATS muhandisi Muhayyo Akbarova. – Hozir Saidabrorim bilan Saidazizim tantana ochilishida o‘z san’atlarini namoyish etishga chog‘lanib turishibdi, ularga termulib onalik baxtidan masrur, ko‘zlarimda quvonch yoshi bilan o‘tirdim. O‘g‘illarim ulg‘aygach, o‘z orzulariga, hayotiy maqsad-muddaolariga yetsalar, demak, bunda faqatgina mening emas, ta’lim-tarbiya berubchi va quvonchga to‘la “Mehr mamlakati”ning ham xizmatlari beqiyos bo‘lishi aniq. Bunga aslo shubha qilmayman. O‘rni kelganda shuni aytishni istardimki, farzandlarimiz salomatligi uchun qayg‘urib har yili bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlayotgan “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi va Farg‘ona filiali kasaba uyushmasiga o‘z tashakkurimni bildiraman. Rahmat. Kam bo‘lishmasin!

Ko‘pgina ota-onalar oromgohda bolalar besh mahal sifatli va mazali taomlar bilan ta’minlanishi, bu yerda doimo tozalik va orastalik hukmronligi, bolalar teatrlarga va muzeylarga olib borilishi, ularga ertaklar va turli tomoshalar namoyish etilishi ayni muddao ekanligi haqida so‘zlagan bo‘lsalar, direktor Kurtzade Umerova esa oromgohda bolalarning yayrab dam olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga katta hissa qo‘shib kelayotgan viloyat kasaba uyushmalari kengashi hamda Quvasoy shahar hokimligi yordami beqiyos ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Yayrab-quvnab dam ol, bolajon. Seni Vatan kutadi!

Hafiza Salyahova,
jurnalist

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq