Oʻzbekistonning 2,76 mingdan ziyod maktablari zamonaviy kompyuter bilan taʼminlanadi
11.06.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 5 ta muhim tashabbusini amalga oshirish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan mamlakatimizning umumtaʼlim maktablarida 2859 ta oʻquv-kompyuter sinflari tashkil etilishi belgilandi.

Joriy yilning 7-iyun kuni Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov va KT kompaniyasi Prezidenti Yu Yeng Park yurtimizda oʻquv-kompyuter sinflarini tashkil etish boʻyicha shartnomani imzoladi.

Janubiy Koreyaning KT kompaniyasi “Maktab taʼlimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish” loyihasi boʻyicha oʻtkazilgan tenderda gʻolib boʻldi. Loyiha Koreya Respublikasining Eksport-import banki (Eksimbank) ajratgan $33 mln. kredit hisobiga moliyalashtiriladi.

Loyiha doirasida KT kompaniyasi 2766 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablari sinflariga jami 2859 ta oʻquv-kompyuter yetkazib, oʻrnatib beradi. 2019-yil oxiriga qadar oʻquv-kompyuterlar 700 ga yaqin maktablarga yetkazib berilishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ushbu tashabbusning uchinchisi aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreya Oʻzbekistonning ishonchli hamkorlaridan biri ekanligini, shuningdek, loyiha birgalikda muvaffaqiyatli amalga oshirilishini aytib oʻtdi.

Mazkur loyiha maktab oʻquvchilarining kompyuter savodxonligini oshirishga yordam berishini hamda Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari xizmatlarini rivojlantirish mamlakat uchun ustuvor yoʻnalishlardan biridir, deya taʼkidladi vazir.

Shu munosabat bilan Xalq taʼlimi vazirligi oʻquv dasturi, jumladan, axborot texnologiyalarini oʻqitish boʻyicha dasturlarni qayta koʻrib chiqmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq