O‘zbekiston raqamli televideniyaga to‘liq o‘tkazildi
30.05.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Har qaysi inson teleko‘rsatuvlarni ko‘rish jarayonida yuqori sifat va barqarorlik, ya’ni televizor va antennani doimiy ravishda sozlash ishlaridan yiroq bo‘lish va ko‘plab teledasturlarni ko‘rish imkoniyatlari haqida o’ylagan. Bugungi kunda, raqamli televideniye barcha O‘zbekiston xalqining uyiga kirib kelganligi bois bu orzular ushaldi.

2014-2018 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi raqamli televideniye tizimini kengaytirish maqsadida, “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK (qisqacha ‘RRTM’ DUK) tomonidan katta xajmda tashkiliy-texnik tadbirlar bajarildi. Xususan, 90 ta yuqori quvvatli va 404 kam quvvatli DVB – T2 standarti asosida ishlovchi raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilib foydalanishga topshirildi.

2017-yil 17-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori imzolangan kunidan boshlab, vaziyat keskin o‘zgardi.

Jumladan, mazkur Qaror qabul qilingan kunidan boshlab, O‘zbekistonda analog formatidagi teleuzatkichlarni bosqichma-bosqich o‘chirilishi haqida yakuniy qaror qabul qilingan bo‘lib, oxirgi analog formatidagi teleuzatkich 2018 yil 5 dekabr kuni o‘chirildi. Aynan shu kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi raqamli televideniye davriga to‘liq o‘tgan deb e’tirof etildi. “RRTM” DUK rahbariyati tomonidan aniq va samarali ishlar tashkil etilganligi bois, analog televideniyeni o‘chirish jarayoni yuqori saviyada bajarildi. Buning uchun O‘zbekistonning har bir hududida keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borildi va aholiga raqamli televideniye afzalliklari va ulanish tartibi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Mazkur tushuntirish ishlari shuningdek ommaviy axborot vositalari (davriy ro‘znomalar, radio va televideniye) yordamida ham amalga oshirildi.

Qayd etib joizki, bizning MDH bo‘yicha qo‘shnimiz Rossiya Federatsiyasida analog televideniyeni o‘chirish va raqamli televideniyega o‘tish ishlari hanuzgacha davom etmoqda.

“RRTM” DUK muayyan tashkiliy ishlarni bajarib, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligini nishonlash arafasida, test tariqasida Toshkent shahri bo‘ylab yangi innovatsion “4K” (Ultra HD), ya’ni o‘ta yuqori sifat formatidagi “Lux TV” teledasturini efirga uzatishga erishdi.

Hozirgi kunda ‘RRTM’ DUK ‘Uzdigital TV’ MChJ bilan birgalikda respublika hududiga efirga uzatilayotgan raqamli televideniye dasturlarini kengaytirish va sifatini yanada oshirish bo‘yicha keng ko’lamli ishlarni davom ettirmoqda. Xususan, raqamli televideniye qulayligini oshirish maqsadida, bosqichma-bosqich teledasturlarni ikkita alohida ovoz (o‘zbek va rus) yo’lagi bilan efirga uzatish bo‘yicha tegishli chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq