«Xavfsiz shahar» tizimi o’rganildi
16.05.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 5-10 may kunlari mamlakatimizning tegishli vazirliklari va idoralarining mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo’ldi. Ushbu mamlakatning «Xavfsiz shahar» integratsiyalashgan tizimini o’rganish maqsadida xizmat safariga borgan delegatsiya tarkibida IIV Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash boshqarmasi boshlig’i, pol­kovnik Fayzulla Qosimov ham bor edi.

Ishchi guruh a’zolariga mezbonlar «Aqlli politsiya uchastkasi» tizimining sodir etilishi mumkin bo’lgan jinoyatlarni oldindan aniqlash, sun’iy intellekt yordamida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish imkoniyatlarini, politsiya tomonidan onlayn rejimida yordam ko’rsatish uchun mobil ilovalarni, «Uyun» tizimining boshqaruv markazini, «SmartPoliceStation» faoliyatini va mobil ilovalarning funktsiyalarini namoyish etishdi.

Yurtimiz vakillari Du­bay politsiyasining «Aqlli politsiya uchastkasi»da bo’lib, ushbu uchastkada qanday xizmatlar ko’rsatilishi, Dubay politsiyasining aholiga va sayyohlarga ko’maklashish uchun mo’ljallangan mobil ilovalari bilan tanishishdi. Qayd etilishicha, mobil ilovalar orqali 125 turdagi davlat xizmati ko’rsatilar ekan. «Aqlli politsiya uchastkasi»ga kelgan fuqaro esa eng faol 25 ta servisdan foydalana oladi. Shuningdek, «Aqlli shahar politsiya bo’limi» yaratish borasida erishilgan yutuqlar namoyish etildi. Buning natijasida xodimlar soni 251 nafardan 57 nafargacha qisqartirilgani ta’kidlandi. Kelajakda bo’limdagi xodimlar soni 4 nafargacha qisqartirilib, bo’sh qolgan xodimlar Dubay shahri aholisi va turistlar bilan ishlashga safarbar etilishi aytildi.

Delegatsiyamiz a’zolari, shuningdek, Dubay politsiyasi markaziy ofisiga ham tashrif buyurishdi. Bu erda ularga situatsion markaz, ma’lumotlarni ishlash markazi, tezkor xodimlarning ish joylari va boshqa diqqatga sazovor, muhim jihatlar namoyish etildi.

Hamyurtlarimiz Dubay politsiyasining ofitserlar klubida ham bo’lishdi. Tashrif chog’ida Toshkent shahrida «Aqlli politsiya uchastkasi» tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bundan tashqari, «Xavfsiz shahar» loyihasini amalga oshirish doirasida ikki tomonning bundan keyingi hamkorligi «Yo’l xaritasi»ning taqdimoti bo’lib o’tdi. Shuningdek, yaqin uch yilga mo’ljallangan istiqbolli loyihalar ham ko’rib chiqildi.

Ishchi guruhning ushbu xorijiy safari samimiy, do’stona vaziyatda o’tdi. Safar chog’ida «Xavfsiz shahar» tizimi bo’yicha ilg’or xorij tajribasi o’rganilgani kelgusida o’z samarasini berishi shubhasiz.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq