O‘zbekiston Milliy kutubxonasida talabalarning an’anaviy mediakonferensiyasi bo‘lib o‘tdi
10.05.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2019-yil 6-may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida talabalarning an’anaviy media-konferensiyasi o‘tkazildi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etiluvchi media-konferensiya bu yil yangi formatda jurnalistika va OAV sohasidagi ekspertlar ishtirokida, yangi media startup loyihalari taqdimoti shaklida bo‘lib o‘tmoqda.

Tashkilotchilarning asosiy maqsadi jurnalistika yo‘nalishida tahsil oluvchi talaba yoshlarda ilmiy innovatsion fikrlash, media loyihalar yaratish va media sohasida yangi biznes modellarni ishlab chiqishda malaka va ko‘nikmalarini shakllantirishga, ilmiy ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan.

Konferensiyada O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakulteti talabalari o‘z media loyihalari bilan ishtirok etdilar. Ular orasida audiovizual jurnalistika yo‘nalishidagi kreativ teleloyihalar, onlayn jurnalistika mahsulotlari va hizmatlarini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan portal va onlayn resurslar, ijtimoiy sohadagi muhim muammolarni yoritishga qaratilgan teleloyihalar, BMTning “Barqaror rivojlanish maqsadlari” global miqyosdagi dasturi bilan keng jamoatchilikni xabardor etishga yo‘naltirilgan loyihalar, mobil jurnalistika, media sohasi bilan bog‘liq zamonaviy yechimlar taklifi hamda turizmni rivojlantirishga hizmat qiluvchi media loyihalar taqdim etildi.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh.Qudratxo‘jaev konferensiyaning mohiyatini, uning zamonaviy jurnalistikani rivojlantirishdagi ahamiyatini e’tirof etdi va mazkur konferensiyada yosh jurnalistlardan dolzarb va kreativ loyhalar kutilayotganini aytdi. “Mazkur media-konferensiya yangiliklar va jozibali g‘oyalar nasimi esayotgan o‘ziga xos darcha vazifasini o‘taydi. Shaksiz, ular o‘z ketidan ijobiy o‘zgarishlar shamolini olib keladi. Biz bugun sizlarning fikringizni, takliflaringizni, pozitsiyangizni tinglashga tayyormiz. Zero, bugungi kun jurnalisti jamiyatimizdagi barcha sohalarni yoritishda dahldorlik hissini tuygan holda yondashishi kerak. U chetda, tomoshabin bo‘lib qomasdan, balki har bir jarayonga o‘z holis pozitsiyasini bildira olishi kerak. Bugun biz sizlardan qiziqarli media loyihalar taqdimotlarini kutib qolamiz”, — dedi Sh.Qudratxo‘jaev. Shuningdek, u konferensiya ishiga omad, bo‘lajak jurnalistlarga esa jurnalistika sohasiga sodiq qolishlarini tiladi.

Loyiha ishtirokchilari “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi spiker”, “Eng yaxshi taqdimot”, “Eng yaxshi moderator”, “Eng yaxshi savol”, “Eng yaxshi hamkor”, “Eng yaxshi tashkilotchi”, “Eng yaxshi axborot hamkori”, “Yil professionali”, “Eng yaxshi talabalar sayti”, “Tomoshabin tanlovi”, “Eng kreativ loyiha”, “Eng samarali jamoa”, “Eng innovatsion loyiha” kabi nominatsiyalar bo‘yicha baholandilar. G‘oliblar pul mukofoti va qimmatli sovg‘alar bilan taqdirlanadilar, Shuningdek ularga nominatsiyalar bo‘yicha sertifikatlar topshirildi. Kreativ deb topilgan loyihalar esa turli OAV tahririyatlariga tavsiya etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq