Oʻzbekistondagi ilk Ilmiy loyihalar akseleratorining finali boʻlib oʻtdi
10.05.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekistondagi ilk Ilmiy loyihalar akseleratori — C.A.T. Science Accelerator finali joriy yilning 7-may kuni Innovatsion rivojlanish huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazida boʻlib oʻtdi.

Tadbirni Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Azimjon Nazarov ochdi. Uning taʼkidlashicha, bugungi kunda mamlakatimizda samarali startap-ekotizimini yaratish juda muhim boʻlib, uning rivojlanishida akselerator va inkubatorlar, shuningdek venchur fondlar muhim oʻrin tutadi.

– Bugungi kunda Oʻzbekistonda startap harakat shakllanish bosqichida ekan, turli dastur va tanlovlar ommalashmoqda, ­– dedi A.Nazarov. ­– Startaplarning aksariyati IT sohasi bilan bogʻliq boʻlib, shu paytgacha ilmiy yoʻnalishdagi mutaxassis va yosh jamoalar bir chetda qolib ketayotgan edi. Negaki, ularning loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zamonaviy laboratoriyalar kerak, zarur materiallar ham ancha mablagʻni talab etadi. Shu bilan birga, jahon tajribasining koʻrsatishicha, tabiiy fanlar sohasidagi yuqori texnologik startaplar eng daromadli va tez oʻsuvchi segment boʻlib qolmoqda. Bu oʻrinda Ilgʻor texnologiyalar markazi negizida ilmiy startaplar uchun akselerator tashkil etish tashabbusi juda oʻrinlidir. Aytishim lozimki, ushbu tashabbus 2018-yilning iyul oyida davlatimiz rahbariyati tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi. Bugun Akseleratorning ilk qaldirgʻochlarining mehnat mahsulini koʻrishdan mamnun boʻlamiz.

– Markazimiz 2018-yilning aprel oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tarkibiga oʻtdi. Shunda ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi masalasi koʻtarildi, – deb aytdi Ilgʻor texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova. – Bir tomondan ilmiy markazmiz, ikkinchi tomondan Talabalar shaharchasi hududida joylashganimiz uchun akseleratsiya ilmiy loyihasini yaratishga qaror qildik. Shunday qilib, markazimizda yuqori texnologiyali kichik kompaniyalar uchun mavjud infratuzilma, xonalar, laboratoriyalar va asbob-uskunalarni imtiyozli shartlarda taqdim etgan holda Innovatsion startap-akselerator va startap-inkubator tashkil qilindi. 2018-yilning sentyabr oyida akseleratorimiz oʻz ishini boshladi. Unga 130 ta ariza tushib, ulardan 28 ta loyiha tanlab olindi. Akselerator ishining olti oyi davomida finalgacha 17 ta jamoa qoldi.

Akselerator direktori Vladimir Soyning taʼkidlashicha, akselerator faoliyati davomida jamoalar turli seminar va treninglarda ishtirok etib, biznes asoslari, soliqqa tortish tizimi, biznes-rejalashtirish, korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli, investorlar oldida chiqish uchun prezentatsiya tuzish asoslari kabi mavzularda malakalarini oshirishdi.

Jamoalarning chiqishlarini DEKOS kompaniyasi direktori Xasan Mamasaidov, Innovatsion rivojlanish vazirligining xalqaro maslahatchilari Yerbol Suleymenov va Jamshid Avloni, GroundZero kovorking direktori oʻrinbosari Zuhra Abdurahmonova, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi boʻlim boshligʻi Usmon Rahimjonov, VRonica kompaniya vakili Akmal Solixov, “Yashnobod innovatsion texnoparki” DUK direktori Farhod Jumayev, Nazarbayev Universityning Biznes-inkubator direktori Bolat Sultangazin tarkibidagi jyuri baholadi.

17 ta jamoa 6 oy davomidagi ishlarining natijasini taqdim qilishdi. SolSys — avtonom quyosh suv taʼminoti, UzAdditive — moylash materiallari uchun maxsus uskuna ishlab chiqarish, Pektin — mahalliy xomashyodan pektin ishlab chiqarish, SNP (silver nanoparticles) — kumush nanozarrachalarini qoʻshgan holda upa ishlab chiqarish, The MeT — sunʼiy aqlni qoʻllagan holda biznes uchun integrallashgan metodologiya, SilkMedSeam — ipakdan steril tikuv materiallari ishlab chiqarish, U-test — glyukoza miqdorini monitoring qilish uchun test tasmalari, Dental Paper — mahalliy xomashyodan stomatologlar uchun artikulyatsion qogʻoz ishlab chiqarish, N E F (New Ecological Feed) — oʻsimlik xomashyosidan yemlarning yangi retsepturasini ishlab chiqish, LiPach (Liquid Patch) — suyuq plastir ishlab chiqarish, Xumo Casting Technologies — zargarlar uchun quyish moslamasi, MicroSpace — chumoli fermalari va boshqa entomologik oʻquv qoʻllanmalarini ishlab chiqarish, S.O.C. (Stop oral cancer) — ogʻiz boʻshligʻi shilliq pardasining onkologik kasalliklarini erta tashxislash, Geoberry — geologiya-geofizika asbob-uskunalarini ishlab chiqarish, H.pylori PCR test — PSR usulida Helicobacter pylori bakteriyasini aniqlash texnologiyasi, Second breath (Surfaktant) — oʻpka surfaktanti tahlili asosida oʻpka kasalliklarini ekspress-tashxislash.

Akseleratorning barcha ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi, loyihalarini eng yaxshi taqdim etgan 3 ta jamoa esa esdalik sovgʻalarini olishdi.

Dastavval uchta eng yaxshi jamoa pul mukofoti bilan taqdirlanishi eʼlon qilingan. Lekin ayni paytda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan startap loyihalar tanlovi eʼlon qilingani tufayli akseleratorning 10 ta eng yaxshi jamoasi mazkur tanlovga tavsiya etildi. Jamoalarning biznes-rejalari Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov komissiyasi tomonidan alohida baholanadi va moliyalashtirishga tavsiya etiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq