Toshkentda blokcheyn bo‘yicha xalqaro sammit bo‘lib o‘tdi
08.05.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2019-yil 6-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi respublika biznes va boshqaruv Oliy maktabida Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekistonda blokcheyn: raqamli iqtisodiyot istiqbollari” sammiti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi vakillari ham ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-sonli qaroriga muvofiq ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha keng qo‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, chunki axborot-texnologiya platformalarida faoliyat yuritayotgan raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda va ushbu platformalarning yangi modellarini yaratishni talab qilmoqda.

Sammit doirasida taklif etilgan blokcheyn bo‘yicha ekspertlar ko‘plab sohalarning, jumladan, moliya, yetkazib berish tizimi, telekommunikatsiya, hukumat, ijtimoiy tovarlar, transport va energetika raqobatbardoshligiga ta’sir ko‘rsatadigan raqamli iqtisodiyotning asosiy unsurlari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdilar.
Forumda yaqin va uzoq xorijiy davlatlar – AQSH, Isroil, Koreya Respublikasi va Jahon banki kabi xalqaro donor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Sammit davomida quyidagi mavzular muhokama qilindi:

— bozor islohotlarida, rivojlanish maqsadlariga va iqtisodiy raqobatbardoshlikka erishishda blokcheynning roli;

— blokcheyn: raqamli axborot tarmoqlarining evolyutsiyasi;

— raqamli aktivlar: investitsiya faoliyati, savdo va kripto aktivlar birjasi;

— davlat sektori tovar va xizmatlari;

— yetkazib berish zanjiri, telekommunikatsiya va energiya tejamkorligi sohalarida blokcheyn.

Sammit ishtirokchlari zamonaviy iqtisodiyotda tranzaksiyalar qanday amalga oshirilishi lozimligi to‘g‘risidagi tasavvurlarni o‘zgartiradigan yangi avlod blokcheyn texnologiyasining ichki ishlash tartibini, shuningdek, butun dunyo miqyosida undan foydalanishning istiqbolli misollarini o‘rgandilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq