Oʻquv markazining eng yaxshi bitiruvchilari TATUga imtihonsiz qabul qilinadi
07.05.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

6-may kuni Margʻilon shahrida navbatdagi Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochildi. Tantanali ochilish marosimida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov va Margʻilon shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev qatnashdi.

Eʼtirof etish kerak, AKT vazirligi davlat hokimiyati organlari bilan mustahkam hamkorlikda ishlashni yoʻlga qoʻymoqda. Avvalroq shunday hamkorlikdagi bir qator oʻquv markazlari ochilgan edi.

Muzammadyusuf Erkinboyev, Margʻilon shahridagi 8-maktabning 8-sinf oʻquvchisi:

— Kelajakda jurnalist boʻlish ishtiyoqidaman. Tushunaman, bu kasbni yuksak darajada egallash, yetuk jurnalist boʻlish oson emas. Buning uchun hozirdan oʻqib oʻrganish uchun koʻp vaqt sarflashimga toʻgʻri kelyapti. Bunda menga kompyuter savodxonligi borasidagi koʻnikmalarim juda qoʻl kelmoqda. Lekin, tan olishim zarur, bu borada bilimlarimni mustahkamlash uchun hali koʻp ter toʻkishim kerak. Shuning uchun ham shahrimizda raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochilganidan benihoya quvondim.

Sevara Vohidboyeva, shahardagi 2-tibbiyot kolleji oʻquvchisi:

— Men ikkinchi kollejni tugallayapman. Dadam xastalik oqibatida hayotdan erta ketgan. Shu bois, oliy maʼlumotli shifokor boʻlib, odamlarga shifo baxsh etish, umrlariga umr qoʻshish orzusi menga tinchlik bermaydi. Oliy darajadagi tibbiyot xodimi boʻlish uchun ham raqamli texnologiyalarni chuqur bilish talab etiladi. Men esa bu masalada juda oqsayman. Orzu-niyatim shu markazga aʼzo boʻlish, oʻz bilimlarimni boyitib borish, el ardogʻidagi shifokor boʻlishdir. Biz yoshlarga bilim olishimiz, jamiyatda oʻrin topishimiz, yurt farovonligiga hissa qoʻsha oladigan shaxslar boʻlib kamolga yetishishimiz uchun yaratilayotgan bu imkoniyat uchun davlatimiz rahbaridan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan cheksiz minnatdormiz va bu ishonchni oqlashga vaʼda beramiz.

Farhod Mulaydinov, TATU Fargʻona filiali prorektori:

— Raqamli texnologiyalar oʻquv markazida kompyuter, rabototexnika, kiberoʻyinlar tugaraklari ishlaydi. Shuningdek, toʻrt xil oʻquv dasturlarini ishlab chiqish ham rejalashtirilgan. Bular: kompyuter texnologiyalari, axborot texnologiyalari, grafik tasviriy dizaynerlik, zamonaviy veb-dasturlashdir. Shuni taʼkidlash kerakki, barcha shahar va tumanlarda shunday oʻquv markazlari tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda. TATU Fargʻona filiali talabalari bu yerda amaliyot oʻtash, trener-oʻqituvchilar boʻlib ishlashlari yoʻlga qoʻyiladi. Ha, markaz asosan yoshlar uchundir. Biroq unda yoshidan qatʼi nazar barcha istovchilar saboq olishlari mumkin. Loyihalari boʻla turib, uni amalga oshira olmayotgan yosh tadbirkoru biznesmenlarga ham koʻmak koʻrsatiladi. Ular qoʻllab-quvvatlanadi. Shuningdek, bu kabi markazlarda yaxshi oʻqigan viloyat yoshlarining ikki nafariga TATUga (bir byudjet va bir toʻlov-kontrakt asosida) oʻqishga kirish imtiyozi beriladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq