Tashkent Law Spring forumi doirasida “Raqamli iqtisodiyot” muhokamalar sessiyasi bo‘lib o‘tdi
27.04.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

25-27 aprel kunlari Toshkent shahrida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning turli sohalarida huquqni rivojlantirish tendensiyalariga qaratilgan «Tashkent Law Spring» Xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tmoqda.

2019-yil 26-aprel kuni forum doirasida “Raqamli iqtisodiyot” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda moderatorlik vazifasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining o‘rinbosari Pak Vyacheslav Yuryevich o‘z zimmasiga oldi.

O‘z chiqishida u raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning muhimligini ta’kidladi, negaki, u biznes jarayonlarni optimallashtirish, xarajatlarni kamaytirish va resurslardan yanada oqilona foydalanishga xizmat qiladi, bu esa, o‘z navbatida, YaIMning o‘sishiga sabab bo‘ladi.

“Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish iqtisodiyot, davlat boshqaruvi tizimini yanada tarkibiy o‘zgartirish, shuningdek, davlat, biznes va aholi o‘rtasida raqamli texnologiyalarga asoslangan o‘zaro hamkorlikning yangi modellarini yaratish masalalari bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘tgan yilning dekabr oyida Parlamentga qilgan murojaatida raqamli iqtisodiyot YaIMning kamida 30 foizga o‘sishini ta’minlash hamda korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini berishini ta’kidlab o‘tganiga diqqatingizni qaratmoqchiman” – dedi Vyacheslav Pak.

Sessiya doirasida raqamli transformatsiya sharoitida ijtimoiy sug‘urtaning huquqiy masalalariga, yangi iqtisodiy sharoitlarda katta hajmdagi ma’lumotlarni (Big data) tartibga solish usullariga, yuridik xizmatlarni raqamlashtirishga katta e’tibor qaratildi, shuningdek, kripto valyuta, aqlli shartnomalar va boshqa masalalar muhokama etildi.

Muhokamalar sessiyasida O‘zbekiston hamda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan spikerlar ishtirok etdilar:

Nishith Madanlal Desai – bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan xalqaro yuridik kompaniyasining asoschisi va a’zosi;

Rahmad Sobirov – Kanadaning Toronto shahridagi “SOBIROVS LAW FIRM”ning boshqaruvchi sherigi;

Maksim Bashkatov – Rossiya Federatsiyasining xalqaro va qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar markazining xalqaro shaxsiy huquq va qiyosiy huquqshunoslik tadqiqotlari bo‘yicha direktori;

Yuliya Solomaxina – bosh qarorgohi Nyu-York shahrida joylashgan Cleary Gottlieb Steen & Hamilton LLC xalqaro yuridik firmasining sherigi;

Jaideep Reddy – ilg‘or texnologiyalari, jumladan, kripto-aktivlar, blokcheyn texnologiyalari, maxfiylik va kiberxavfsizlik va ularning qonunchilik bilan o‘zaro munosabatlari bo‘yicha xalqaro huquqshunos;

Sergey Alexin – Willkie Farr & Gallagher (Parij byurosi) xalqaro yuridik firmasida huquqshunos (tijorat arbitraji);

Ikromjon Nasrullayev – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Respublika biznes va boshqaruv oliy maktabining Loyiha boshqaruvi kafedrasi katta o‘qituvchisi;

Hafizov Alisher – Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazining rezidentlarini qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilib borish sektorining rahbari.

Sessiya yakunida Vyacheslav Pak spikerlarga minnatdorchilik bildirdi hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq