Innovatsion rivojlanish vazirligi xalqaro ilmiy jurnallar bazasiga bepul kirish imkoniyatlarini muhokama qildi
25.04.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

22-aprel kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi Taʼlim va sogʻliqni saqlashga innovatsiyalarni joriy qilish hamda tadqiq etish boshqarmasi boshligʻi Baxtinur Xudanov boshchiligidagi ishchi guruh “Springer Nature” kompaniyasi vakillari Irina Aleksandrova va Saxix Girey hamda “Clarivate Analytics” kompaniyasi vakili Laziza Mukasheva bilan uchrashdi.

“Springer Nature” kompaniyasi ilmiy adabiyotlar nashr etuvchi dunyodagi yetakchi nashriyotlardan biri boʻlib, Springerlink platformasida 3500 ta jurnal, Nature brendi bilan 50 ta, Adis brendi ostida 24 ta, Palgrave Macmillan brendida 46 ta jurnal chop etadi. “Springer Nature”ning turli fan yoʻnalishlari boʻyicha 240 000 nomdagi kitoblardan iborat dunyodagi eng yirik ilmiy kitoblar toʻplamlari 1815 yildan to 2019 yilgacha chop etilgan nashrlarni oʻz ichiga oladi.

Kompaniya, shuningdek, turli xil maʼlumotlar bazalariga ham ega. Xususan, tibbiyot, biotexnologiya, biotibbiyot, kimyo, farmatsevtika, mikrobiologiya va boshqa tabiiy fanlar boʻyicha 50000 ta bayonnomani oʻz ichiga olgan Ilmiy tadqiqotlar bayonnomalari (Springer Protocols) maʼlumotlar bazasi; 100000 tadan oshiq onlay hujjatlardan iborat Materialshunoslik (Springer Materials) bazasi; 200000 dan ziyod profillarga ega nanomateriallar toʻgʻrisidagi tadqiqotlar bilan tanishish imkoniyatini beruvchi noyob manba boʻlgan Nano materiallar bazasi; 210000 dori preparatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat AdisInsight maʼlumotlar bazasi va boshqalar.

Springer Nature kompaniyasi va Oʻzbekiston olimlari anchadan beri hamkorlik qilib kelishadi. Bugungi kunda Oʻzbekiston olimlarining xorijda chop etiladigan maqolalar va kitoblarning 20 foizi Springer Nature nashriyotida chiqariladi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston bilan hamkorlik doirasida yurtimizda ingliz tilida 2ta ilmiy jurnal nashr etilmoqda – Chemistry of Natural Compounds (Tabiiy birikmalar kimyosi), Applied Solar Energy (Amaliy quyosh energetikasi /Geliotexnika).

Uchrashuv davomida Springer Nature kompaniyasi bilan Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Hamkorlik doirasida oʻzbekistonlik mualliflar uchun taqdimotlar va seminarlar oʻtkazish belgilandi. Shuningdek kompaniya yurtimiz olimlari uchun uch oy davomida oʻz jurnallaridan bepul foydalanish imkoniyatini berishga tayyorligini bildirdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq