Toshkentda aloqa operatorlari va regulyatorlari uchun Huawei kongressi ish boshladi
19.04.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi innovatsion va integratsion yechimlar markazida aloqa operatorlari va mamlakatdagi regulyator vakillari uchun kongress o‘tkazilmoqda. Huawei kompaniyasi O‘zbekistondagi operatorlarga raqamli transformatsiyani amalga oshirish, AKT infratuzilmasini yaxshilash, har bir inson, uy va tashkilot uchun raqamli xizmatlarni ko‘rsatish maqsadida mamlakatdagi tarmoq qoplamini jadal ravishda kengaytirish yo‘lida mavjud bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etishga, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimlarini takomillashtirishga yordam beradigan 5G, sun’iy intellekt (AI), bulut texnologiyalari (Cloud), internet buyumlar (IOT) yo‘nalishidagi ilg‘or yechimlarni taqdim qilmoqda.

Kongress davomida aloqa operatorlari hamda telekommunikatsiya infratuzilmasining yanada rivojlanishiga bevosita aloqador bo‘lgan davlat organlarining vakillari joriy yilning fevral oyida GSMA’s Mobile World Congress 2019 — butunjahon mobil texnologiyalar kongressida Huawei tomonidan taqdim qilingan innovatsion yechimlar va texnologiyalar bilan yaqindan tanishishlari mumkin.

Tadbir doirasida 5G texnologiyasiga oid, shu jumladan, amalda mavjud tarmoqlarni beshinchi avlod pog‘onasigacha yetkazishga zamin yaratadigan kompleks yechimlar yig‘ilganlarga tanishtirildi, shu bilan birga, mazkur tarmoqlarning imkoniyatlari va ustunliklari namoyish etildi. Simsiz 5G tarmoqlar oson yo‘lga qo‘yilishi va past kechikish bilan yuqori tezlikdagi aloqani ta’minlash xususiyatiga ega bo‘lgani tufayli intellektual sanoatda shu tarzda ular simli tarmoqlarning o‘rnini bosishi mumkin. Bundan tashqari, tarmoqlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari, jumladan, energiya iste’moli sarfini ham sezilarli darajada kamaytirsa bo‘ladi. Keyingi avloddagi simsiz tarmoqlar shahar infratuzilmasini boshqaradigan kuchli platformaga aylanadi, ta’lim, tibbiy xizmatlar, xavfsizlikni ta’minlash va industrial ishlab chiqarish jarayonini boshqarish sohalarini takomillashtiradi. Transport sanoatida 5G tarmoqdan foydalangan holda yo‘l-transport va baxtsiz hodisalarning oldini olish orqali bir yilda 1,2 mln. nafar insonning hayotini saqlab qolish mumkin. Xalqaro ekspertlarning fikricha, 5G tarmoqlarning joriy qilinishi jahondagi mamlakatlarning YaIM o‘sishini 50 foizgacha tezlashtirishga qodir.

«Huawei kompaniyasi rivojlangan 5G ekotizimini yaratish va o‘z mijozlarining yuksalishini qo‘llab-quvvatlash uchun mazkur texnologiya bazasida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli loyihalar haqida axborotlarni ulashishga intiladi. Biz to‘liq xizmat ko‘rsatiladigan, tarmoq va amallarni boshqarish imkoniyatiga ega sodda, shu bilan birga, yo‘lga qo‘yilishi oson 5G tarmoqlarni taklif qilamiz», — dedi O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining direktor o‘rinbosari Jastin Chju.

5G tarmoqlarning rivojlanish sur’ati biz tasavvur qilgandan ham jadalroqdir. Dunyodagi barcha aloqa operatorlari yangi avloddagi tarmoq standartini tijoriy maqsadda yo‘lga qo‘yish ustida har qachongidan-da tezroq ish olib bormoqdalar. Mahsulotlar, terminallar, xavfsizlik standartlari va biznesga yo‘naltirilgan yechimlar beshinchi avlod texnologiyalarini tatbiq etishga tayyor. Bugungi kunda Huawei kompaniyasi 5G tarmoq bo‘yicha 30 dan ortiq shartnoma imzolab, 25 000 tadan ziyod 5G stansiyalarini mijozlarga yetkazib berdi.

Ta’kidlash lozimki, o‘tgan yili Huawei kompaniyasi Beeline Uzbekistan bilan hamkorlikda MobiCon 2018 konferensiyasi davomida mamlakatimizda birinchi marotaba mobil aloqaning omma oldidagi sinovini amalga oshirgan edi.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq