O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Milliy umumta’lim elektron kutubxonasining tantanali ochilish marosimi
19.04.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2019-yil 18-aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Milliy umumta’lim elektron kutubxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda LG CNS kompaniyasi, Janubiy Koreyaning eksport-import banki, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisixonasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari B.Olmatov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi departament mudiri D.Saidjonov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va uning tasarrufidagi Axborot-kutubxona markazlari rahbarlari va OAV xodimlari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Milliy umumta’lim elektron kutubxona”si (UZNEL) loyihasi 2013-yil 17-dekabrdagi “Koreya Respublikasining iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik Fondining moliyaviy ko‘magida “Milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasini birinchi navbatda amalga oshirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida”gi PQ-2088-son, 2014-yil 17-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil Investitsion dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2264-sonli qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida, 2017-yil 14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Janubiy Koreyaning LG CNS kompaniyasi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida amalga oshirildi. Loyiha Janubiy Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirildi. “Milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasi 1-bosqichida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va 20 ta viloyat kutubxonalarini o‘zaro bog‘lab yagona ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish ko‘zlangan bo‘lsa, kelajakda O‘zbekiston hududida joylashgan 200 ta kutubxonani o‘z ichiga olishi rejalashtirilmoqda.

Milliy umumta’lim elektron kutubxonasining tantanali ochilish marosimida LG CNS kompaniyasi prezidenti Kim Yon Sob so‘zga chiqib, barchani ushbu loyihaning ishga tushirilishi bilan qutladi va uning uzoq vaqtlar aholining mutolaaga bo‘lgan qiziqishini rivojlantirish va O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishda xizmat qilishiga umid bildirdi. “Hozirgi kunda dunyoda barqaror rivojlanib borayotgan O‘zbekistonda nafaqat iqtisodiy balki ma’naviy rivojlanishga katta e’tibor qaratilayotgani sir emas. Milliy umumta’lim elektron kutubxonasini yaratish loyihasi o‘zbek-koreys iqtisodiy hamkorligining ustuvor loyihalaridan biri hisoblanadi. Fursatdan foydalanib, loyihaning vujudga kelishida xayrixohlik qilgan, mazkur loyihaga bo‘lgan qiziqishlari va uning tadbiq etilishiga o‘z xissasini qo‘shgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, -dedi u.

Janubiy Koreyaning eksport-import banki raisi Ing Son So tadbir ishtirokchilarini Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi ochilishi bilan qutladi hamda uning mohiyati va maqsadi bilan tanishtirdi. “Loyihaning asosiy maqsadi jamoatchilikda elektron axborot resurslaridan foydalanishni oshirish, axborot-kutubxona muassasalarini yagona elektron kutubxona tizimiga ulash bilan birga, aholi bilim saviyasi va sifatini oshirishdan iborat. Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi elektron kutubxona, raqamlashtirish va skanerlash markazi hamda multimedia markazidan iborat. Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi O‘zbekistonda nafaqat axborot-kutubxona sohasi, balki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishida ham o‘z xissasini qo‘shishiga ishonamiz”.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshabaeva mehmonlarni qutladi va uning tashkil etilishida o‘z xissasini qo‘shganlarga minnatdorlik izhor etdi. “Bu loyiha nafaqat O‘zbekiston Milliy kutubxonasi loyihasi, balki 20 yirik axborot-kutubxona muassasalarini birlashtirgan, respublika miqyosida ilk joriy etilgan elektron kutubxonasidir. Milliy umumta’lim elektron kutubxonasining tamal toshi 2018-yilda qo‘yilgan bo‘lsa-da, unga a’zo bo‘lgan axborot-kutubxona muassasalarini o‘rganish, ularning imkoniyatlari bilan taniish ishlari ancha avval boshlangan. Bugun elektron kutubxonasi ochilishi marosimida uning tashkil topishi va faoliyatini boshlashida bizni qo‘llab-quvvatlagan davlatimiz rahbarlariga, Koreya davlatidan kelgan mutaxassislarga, barcha hamkor tashkilotlar va korxonalarga cheksiz tashakkurimizni bildirmoqchiman. Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ilgari surgan besh tashabbusning to‘rtinchisi, ya’ni aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish tashabbusiga hamohang bo‘lib, aholi va yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish, ularning intellektual salohiyatini oshirishga hizmat qilishiga ishonaman”, — deya o‘z so‘zini yakunladi U.Teshabaeva .

Marosimdan so‘ng ishtirokchilar foydalanuvchilarga zamonaviy, sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi — multimedia o‘quv zallari, video hudud, imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun maxsus joylar, raqamlashtirish markazi, audio va video studiyalar bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbir so‘ngida 20ta axborot-kutubxona muassasasiga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, loyiha doirasida mazkur muassasalar skaner uskunasi va jixozlari bilan ta’minlanishi aytildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq