LBMA biznes-inkubatori Finlyandiyaning tajribasini o‘zlashtirmoqda
18.04.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

BMTTD va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining “O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida joriy yilning 17-aprel kuni “Helsinki Business Hub” (Finlyandiya) katta biznes maslahatchisi Mariya Xartikaynen hamda mazkur loyihaning yoshlar startaplari bilan ishlash bo‘yicha menejeri Usmon Rahimjonovlarning Jizzax shahriga tashrifi tashkil etildi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad — oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun startaplar, startap-ekotizimlarni rivojlantirish va moliyalashtirish mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlariga bag‘ishlangan seminarni o‘tkazish.

Birinchi uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining “Ilg‘or hudud” sinov loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv LBMAning “Biznes-inkubatori” va SSP ning Jizzax viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etildi.

Seminar Jizzax politexnika institutining katta anjumanlar zalida tashkil etildi, unda Jizzax politexnika va pedagogika institutlari, tegishli idora va tashkilotlar vakillari, manfaatdor shaxslar ishtirok etdilar.

Xalqaro ekspert Mariya Xartikaynen Finlyandiya startaplarini qo‘llab-quvvatlash modelini yaratish bo‘yicha to‘plagan tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda startaplarni rivojlantirish tizimini muvaffaqiyatli amalga oshirishning asosiy omili – rivojlanishning barcha pog‘onalarida davlatning qo‘llab-quvvatlashidir. Spiker ta’kidlashicha, ilg‘or innovatsion g‘oyalarning asosiy ijodkorlari – yoshlarning aql-zakovati, bu Finlyandiya tajribasida aniq namoyon bo‘lmoqda: asosiy g‘oyalar generatorlari – yirik universitetlar hisoblanadi.

Finlyandiya ko‘plab “unicorn”larning (savdo aylanmalari millionlab yevro bilan hisoblanadigan loyihalar) vatani hisoblanadi. Ayniqsa, muvaffaqiyatli loyihalar – Smartly (ijtimoiy tarmoqlarda reklama uchun platforma), Supercell (Clash of clans, Hay Day o‘yinlarning ishlab chiqaruvchisi), Holvi (to‘lovlarni amalga oshirish uchun xizmat ko‘rsatish tizimi), Yousician (gitara chalishni o‘rgatadigan dastur), Enevo (aqlli shaharlar uchun logistika echimi), Rovio (Angry Birds o‘yinini ishlab chiqqan o‘yinlar ishlab chiqaruvchisi).

Finlyandiya venchur investitsiyalar soni bo‘yicha Yevropa mamlakatlari orasida yetakchi hisoblanadi va bugungi kunda ilmiy-tadqiqotlarni o‘tkazish, gipotezalarni sinash va innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqish bo‘yicha ajoyib maydoncha hisoblanadi. Akseleratorlar, biznes-inkubatorlar, xablarning yagona tizimi hamda mavjud “biznes-farishtalarning” (xavflarni bo‘lishishga tayyor bo‘lgan yirik investorlar) yagona maqsad yo‘lida o‘zaro birlashganligi biznes-g‘oyalarning hayotga tatbiq etilishiga yordam beradi.

Usmon Raximdjonov o‘z nutqida SSP va BMTTD qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida ma’lumotlar berib, yoshlarni faol ishtirok etishga chaqirdi.

LBMA “Biznes-inkubatorining” bosh mutaxassisi Temur Shukurov joriy yilning may oyida “Ilg‘or hudud” sinov loyihasi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan eng yaxshi startaplarni tanlab olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan tanishtirdi. U talabalarni chetda qolmasdan “Biznes-inkubator”ning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalarida e’lon qilib borilayotgan ma’lumotlarni kuzatib borishga chaqirdi.

“Ilg‘or hudud” sinov loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisining bog‘lanish uchun ma’lumotlariga e’tiboringizni qaratamiz:

Facebook: @jizzakhtourism

Telegram: @jizzakhtourism2019

Bundan tashqari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yoshlar va ayolllarning startap-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Seminarlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi LBMA bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq