LBMA fin kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
15.04.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2019-yil 12-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi o‘rinbosari janob M.Keynenen boshchiligidagi Finlyandiya delegatsiyasi va Agentlik rahbariyatining ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Finlyandiya delegatsiyasi tarkibida Finlyandiya elchisi Marya Liivala, Finlyandiya elchixonasining katta maslahatchisi Aleksey Leppannen, Finlyandiya elchixonasining attashesi Irina Ambrosin hamda «Kaukointernational Ltd» va boshqa kompaniyalarning vakillari ham ishtirok etdilar.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mamlakatlar ko‘plab sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta salohiyatga ega ekanligi va uni safarbar qilishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Delegatsiya vakillari O‘zbekiston taraqqiyotining yuqori sur’atini va turli sohalarda liberallashuvini qayd etdilar.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, joriy yilning yanvar oyidan boshlab Agentlikka Jizzax viloyati hududida “Ilg‘or hudud” loyihasini amalga oshirish yuklatilgan.

“Ilg‘or hudud” loyihasi mintaqaviy iqtisodiyot va sanoat sohasini kompleks o‘zgartirish va qayta tashkil etish, asosiy infratuzilmani yangilash va kengaytirish, Jizzax viloyatiga investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantiruvchi qulay shart-sharoitlar yaratishni ko‘zda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil iyun oyidan Agentlik Finlyandiya suv forumi (Finish Water Forum) mutaxassislari bilan hamkorlikda Jizzax shahri va uning atrofidagi hududlarda asosiy muammolarni aniqlash va chiqindilarni boshqarish yuzasidan qarorlar ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazdilar. Natijada «Kaukointernational Ltd» kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish loyihasi tayyorlandi. Loyiha qiymatining 30% grant mablag‘i shaklida Finlyandiya hukumati tomonidan taqdim etiladi. Joriy yilning may oyida loyihaning ma’qullanishi kutilayotgan siyosiy kengashlar rejalashtirilmoqda va iyun oyida esa loyiha hujjatlarini tayyorlash ishlari tugallanadi.

2020-2022 yillarda loyihaning amalga oshirish rejalashtirilmoqda, uni amalga oshirish chiqindilarni boshqarish bo‘yicha mintaqaviy rejani ishlab chiqish, chiqindilarning turlari bo‘yicha ajratish va yoqilg‘i ishlab chiqarish, ma’lum bir korxona yoki korxona guruhida chiqindilarni yig‘ish imkonini beradi.

Loyihani amalga oshirish doirasida yangi obyektlar bilan bog‘liq barcha sohalarda xodimlarni o‘qitish va amaliy tayyorlash, shu jumladan, moliyaviy rejalashtirish va boshqarishni o‘rgatish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, uchrashuvda hamkorlik bo‘yicha qator istiqbolli takliflar bildirildi. Xususan, “Nokia Siemens Network” kompaniyasi Markaziy-Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Mikko Lavanti telekommunikatsiya, IT-xavfsizlik, “Aqlli shaharlar” va raqamli iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni taklif qildi.

“Business Finland” va Jizzax shahridagi biznes-inkubator o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, memorandum tuzish taklif etildi.

Ma’lumot uchun: “Business Finland” — Finlyandiyada tadqiqotlarni moliyalashtirish va Finlyandiya sanoatining hamda xizmat ko‘rsatish sohasining innovatsiyalar va jahon darajasidagi texnologik nou-xaularni yaratishga yordam berish orqali raqobatbardoshligini oshirishga ko‘maklashadigan davlat agentligi hisoblanadi.

Finlyandiya delegatsiyasi vakillari joriy yilning 21-22 noyabr kunlari Xelsinkida bo‘lib o‘tadigan “Slush Startup Event”da Agentlik vakillarini ishtirok etishga taklif etdilar. Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi o‘z rezidentlarining tadbirda ishtirok etishini ta’minlashda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun: Slush Startup Event — butun dunyo bo‘ylab 40 mingdan ortiq mutaxassislarni qamrab oluvchi 75dan ko‘p tadbirlarni tashkil etuvchi global jamoa. Slush Startup tadbirining mohiyati – jahon stratap-jamoasini yaratish uchun startap sanoati va investorlar vakillarining uchrashuvlarini ta’minlash.

Bundan tashqari, 11-aprel kuni Finlyandiya ishbilarmon doiralarining tashrifi doirasida O‘zbekiston-Finlyandiya biznes-forumi va Agentlik direktorining o‘rinbosari D. Maqsudov ishtirok etgan Finlyandiyaning Toshkentdagi fahriy konsulligining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq