2018-yilgi hisobotga ko‘ra Huawei daromadi 100 milliarddan oshgan
08.04.2019
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Huawei kompaniyasi 2018-yil uchun o‘zining yillik hisobotini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, 2018-yilda ham kompaniya barqaror biznes rivojlanish tendensiyasini saqlab qolgan. Sotuvdan olingan daromad 2017-yilga nisbatan 19,5 foizga o‘sib, jami 721,2 mlrd. yuannni (105,2 mlrd AQSH dollari) tashkil qilgan. Olingan sof foyda esa 59,3 mlrd. yuanga (8,7 mlrd. AqSh dollari) teng bo‘lgan, bu avvalgi yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 25,1 foizga ko‘pdir.

2018-yilda Huawei ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga 101,5 mlrd. (salkam 15 mlrd. AQSh dollari) yuan miqdorida (sotuvdan olingan daromadning 14,1 foizi) sarmoya kiritib, “»2018-yilda Yevropa Ittifoqida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga ajratilgan sohaviy investitsiyalar jadvali»da jahon bo‘yicha beshinchi o‘rinni egalladi. So‘nggi o‘n yil davomida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga ajratilgan Huawei xarajatlari 480 mlrd. yuandan ortgan (70 mlrd. AQSH dollari). Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 2018-yilda Huawei Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga 5405 ta patent arizasini topshirib, bu boradagi dunyo reytingida birinchi o‘rinni band qildi.

м

Yillik hisobotni taqdim etarkan, Huawei direktorlar kengashining amaldagi raisi Go Pin shunday dedi: «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari barcha sohalarga jadallik bilan kirib kelmoqda. Butun dunyo raqamli intellektual texnologiyalarga o‘tmoqda, raqamli iqtisodiyot rivojlanishda davom etyapti. Innovatsion 5G texnologiyalari va ularning keng miqyosda tatbiq etilishiga sarflangan uzluksiz va dadil investitsiyalar tufayli, Huawei kompaniyasi jahondagi a’lo tarmoq aloqasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Huawei amalda qo‘llanilayotgan barcha standartlarga amal qilish, xavfsiz, ishonchli va yuqori sifatli mahsulotlarni yaratishda davom etadi. Ushbu maqsad yo‘lida axborot xavfsizligi va foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash – bizning birlamchi vazifamiz ekanligini ishontirib ta’kidlaymiz. Huawei bilan hamkorlik qiladigan kompaniyalar 5G asrida sezilarli darajada raqobatbardosh bo‘ladilar. Huawei kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan mamlakatlar raqamli iqtisodiyotning kelgusi bosqichida muayyan ustunliklarga ega bo‘ladilar».

Go Pinning ta’kidlashicha: «Qal‘ani ishg‘ol qilishning eng oddiy usuli – ichkaridan hujum qilishdir. Uni mustahkamlashning eng oddiy usuli esa tashqaridan ta’sir ko‘rsatishdir. Biz chalg‘ituvchi omillardan qutulish, boshqaruvni takomillashtirish va bizning strategik maqsadlarimiz tomon harakat qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ko‘ramiz. Biz faoliyatdagi yuqori standartlarga rioya qilish, biznes-jarayonlarning uzviyligi va barqarorligini ta’minlash hamda barcha ishtirokchilarning hamkorligi va yuksalishi uchun ochiq ekotizimni shakllantirishda davom etamiz. Ish jarayonidagi transformatsiya hamkorlarimizning rag‘bati va faolligini yanada kuchaytiradi».

Huawei kompaniyasi 5G va SoftCOM AI singari eng yangi yechimlarni taqdim qilgan holda ularning ishlatilishi va xizmat ko‘rsatilishini sezilarli tarzda soddalashtirdi. 2018-yilda biz yuqori tezlikdagi keng polosali uy aloqasi va «Buyumlar interneti»ni (IoT) yanada takomillashtirdik; mazkur texnologiyalar operatorlarga o‘z sohalarida rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. 2018-yilda Huawei xizmatlar sotuvidan 294 mlrd. yuan (avvalgi yil bilan deyarli bir xil) daromad oldi.

Korporativ biznes uchun Huawei bulutli hisoblashlar, yirik ma’lumotlar, sun‘iy intellekt (SI) va IoT yo‘nalishidagi ishlanmalarni taklif qildi, shuningdek, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, ma‘lumotlarni saqlashga ixtisoslashgan All-Flash tizimi va Wi-Fi qurilmalari uchun bir qator mahsulotlarni ishlab chiqdi. Mazkur texnologiyalarni o‘zining raqamli platformasiga integratsiyalagan holda, Huawei «aqlli shahar», «xavfsiz shahar» va «xavfsiz kampus» tizimlarini ishlab chiqish, shu bilan birga, raqamli texnologiyalarni moliya, transport va energetika sohalariga joriy qilish jarayonlarini osonlashtirdi. 2018-yilda Huawei kompaniyasining korporativ biznes yo‘nalishidagi sotuvlardan olgan daromadi 74,4 mlrd. yuanga (salkam 11 mlrd AQSh dollari) teng bo‘ldi (avvalgi yilga nisbatan 23,8 foizga yuqori).

Bulutli biznes sohasidagi esa Huawei 160 ta bulut servislarini ishga tushirdi va 140 ta ishlanmani amalga tatbiq etdi. Hamkorlar bilan birgalikda kompaniya bugun jahon bo‘ylab 23 ta mintaqada 40 ta ishlash mumkin bo‘lgan yerlarda mijozlarga xizmat ko‘rsatilishini ta’minladi. Huawei mazkur jabhadagi hamkorlar sonini 6000 taga yetkazdi va SI xizmatlarini o‘nta asosiy soha doirasida 200dan ortiq loyihalarda qo‘llashni rejalashtirmoqda.

Iste‘mol biznesi yo‘nalishida esa Huawei jahon smartfonlar bozoridagi ulushini oshirdi va yuqori segmentdagi qurilmalarining pozitsiyalanishini yanada yaxshiladi. Kompaniya ushbu qurilmalardan foydalanishga doir barcha variantlar uchun intellektual ekotizimni yaratishdan to‘xtamayapti. 2018-yilda Huawei kompaniyasining iste‘mol biznesidan olgan daromadi 348,9 mlrd. yuanga (51 mlrd. AQSh dollari) etib, o‘tgan yil bilan solishtirganda 45,1 foizga ortdi.

2018-yil uchun chiqarilgan moliyaviy hisobotdagi ko‘rsatkichlar «katta to‘rtlik»dagi xalqaro auditorlik firmasi KPMG tomonidan tekshiriladi. Mazkur yillik hisobotni quyidagi havola orqali yuklab olishingiz mumkin: www.huawei.com/en/press-events/annual-report/2018

1-izoh. Yillik hisobotdagi barcha ko‘rsatkichlar 2018-yil yakunidagi valyuta kursi bo‘icha AQSH dollariga o‘girildi: US$ 1,00 = CNY 6,8561

2-izoh. O‘sish sur’atlari yuandagi ko‘rsatkichlar asosida keltirildi.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq