Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga oʻquv jihozlari berildi
03.04.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2-aprel kuni Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Koʻzi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi hamkorligida Toshkent shahridagi 77-sonli koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Koʻzi ojiz bolalarni darsliklar va maxsus oʻquv jihozlari bilan taʼminlash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur davra suhbatida Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati, Oʻzbekiston Koʻzi Ojizlar Jamiyati,Janubiy Koreyaning “FRIEDASIA” kompaniyasi mutaxassislari, respublika koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari direktorlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbirni Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Umarov ochib berdi va yurtimizda imkoniyati cheklangan bolalar taʼlim-tarbiyasi borasida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Koʻzi Ojizlar Jamiyatiga,Janubiy Koreyaning “FRIEDASIA” kompaniyasiga, Butunrossiya Koʻzi Ojizlar Jamiyatiga Xalq taʼlimi vazirligi nomidan hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

Davra suhbati davomida Oʻzbekiston Koʻzi Ojizlar Jamiyati Janubiy Koreyaning “FRIEDASIA” kompaniyasi va Butunrossiya Koʻzi Ojizlar Jamiyati bilan 2,77 mln Rossiya rubliga 3000 dona pribor (temir daftar)larni xarid qilish va Oʻzbekistonga yetkazish boʻyicha shartnomasi asosida birinchi bosqichda yetkazilgan 725 dona priborlarni respublika koʻzi ojizlar maktab-internatlariga topshirish marosimi oʻtkazildi. Tadbir doirasida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan audio kitoblar ham berildi.

Joriy yilning avgust oyida Oʻzbekistonga shartnomaning ikkinchi bosqichida 1275 dona priborlarni yetkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, maktab-internatlarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda taqsimlanadi. Ularning topshirish marosimini sentabr oyining ikkinchi oʻn kunligida oʻtkazish rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun:

Bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan jami 86 ta taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatib kelmoqda, ularning 21 tasi maktab, 65 tasi maktab-internatlari boʻlib, shulardan 14 tasi koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun.

Hozirda koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida 2831 nafar oʻquvchilar tahsil oladi. Ularga 823 nafar oʻqituvchi va 606 nafar tarbiyachi taʼlim beradi.

Oʻquvchilarga 145 nomdagi darsliklar (Odobnoma, Musiqa, Tasviriy sanʼat, Mehnat taʼlimi va Jismoniy tarbiya darsliklardan tashqari) Brayl tizimida alohida chop etiladi.

Soʻnggi ikki yilda koʻzi ojiz bolalar uchun jami 30 nomdagi (33 628 nusxa) darslik chop etildi.

2019-2020 oʻquv yili uchun 10 nomdagi 13 ming 843 nusxa darsliklar chop etilishi rejalashtirilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq