UZMOBILE 2019-yil uchun rivojlanish rejalarini taqdim etdi
02.04.2019
Rukn: Mobil aloqa.
Muallif: .

30-mart kuni Aloqa tarixi muzeyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan “Respublikamiz hududlarida mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi mavzuda matbuot anjumani o‘tkazildi.

Axborot texnologiyalarini joriy etish mamlakatimiz uchun muhim iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyat kasb etadi, shuningdek, mamlakatimizning raqobatbardoshlilik darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 22 milliondan ortiq mobil aloqa abonentlari, shuningdek, 16 milliondan ko‘proq mobil internet foydalanuvchilari mavjud. Respublikamizdagi mobil aloqa tizimi AKT sohasining barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishda ulkan ahamiyatga ega. Aynan shuning uchun matbuot anjumanida hududlarda mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish, aholiga hamda korporativ mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va infratuzilmalarini modernizatsiyalash masalalari muhokama etildi.

Tadbir mamlakatimizning barcha mobil aloqa operatorlari ishtirokida o‘tdi. Ular o‘z mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish, taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yangi xizmatlar va texnologiyalarni joriy etish borasidagi taqdimotlarini o‘tkazdilar.

2019-yilda O‘zbekiston mobil aloqa operatorlari tomonidan respublikamizning barcha mintaqalari bo‘ylab 3000 ta yangi baza stansiyalarini o‘rnatiladi.

Matbuot anjumani doirasida «O‘zbektelekom» AK «Uzmobayl» filiali 2019-yil uchun rivojlanish rejalari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

Jumladan, «O‘zbektelekom» AK «Uzmobayl» filiali 2004-yildan boshlab, CDMA-450 standarti bo‘yicha mobil va statsionar aloqa xizmatlari ko‘rsatib kelayotganligi haqida so‘zlab berildi. Milliy operator bo‘lgan «Uzmobayl» filiali davlat topshiriqlarini bajarib kelmoqda.

2015-yil 15-apreldan O‘zbekiston milliy mobil aloqa operatori UZMOBILE GSM standarti tarmog‘ini tijorat foydalanishga topshirilganini e’lon qilgandi.

Hozirgi paytda UZMOBILE CDMA tarmoqlari 160 mingdan ortiq faol abonentlarga, UZMOBILE GSM tarmog‘i esa 2 million 900 mingdan ortiq faol abonentlarga xizmat ko‘rsatadi. 2019-yilda UZMOBILE CDMA faol abonentlar sonini 31 % ga (220 mingga) va UZMOBILE GSM faol abonentlar sonini 36% (4,6 mln.gacha) oshirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonning barcha mintaqalari bo‘ylab UZMOBILE tarmoqlarini 2G/3G va 4G texnologiyalari bo‘yicha kengaytirish ishlari faol olib borilmoqda. 2019-yil yakunlari bo‘yicha aholi punktlarini UZMOBILE tarmog‘i bilan qoplab olish o‘rtacha UZMOBILE GSM – 87 % va UZMOBILE CDMA – 90 % oshiriladi.

Bundan tashqari, filial tomonidan bugungi kunda Internet paketlariga yangi tarif rejalari faol joriy etilayotgani haqida ham so‘z yuritildi. 1 Mb uchun narxlar bir necha marta pasaytirildi, paketlar hajmi esa oshirildi.

Kompaniyaning aloqa sifatini yaxshilash bo‘yicha ishlari alohida ta’kidlab o‘tildi. Masalan, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Nukus, Navoiy va Urganch shaharlaridagi xalqaro aeroportlar binosida ichki va tashqi mobil aloqa qamrovining sifati yaxshilandi.

Olis aholi punktlari aholisiga qulaylik yaratish maqsadida qayd etilgan mutlaq «shahar» telefoniya narxlari ro‘yxatiga o‘xshash maxsus CDMA tarif rejasi yaratildi. Bunday hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun CDMA qurilmalarini uzaytirilgan muddatlar asosida sotish ishlari joriy etildi.

Kompaniya rejalarida В2В segmenti uchun kompleks yechimlar joriy etish: qayd etilgan internet, telefoniya, IPTV, mobil aloqa va yana 30dan ortiq turli takliflar, mijozlar hududida baza stansiyalarini o‘rnatishga qadar ishlar belgilangan.

Sayyohlarga qulaylik uchun va umuman turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi yechimlar joriy etiladi. Barcha aeroportlar, t/y vokzallari, avtovokzallarda hamda eng ommaviy e’tiborga sazovor joylarda Wi-fi zonalarini va xizmat ko‘rsatish ofislarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Davlat segmenti (B2G)ning har bir bo‘limi uchun shaxsiy yechimlar va tariflarni ishlab chiqish.

2019-yilda «O‘zbektelekom» AK «Uzmobayl» filiali tarmog‘ida 5G texnologiyasini sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumani doirasida respublikamiz uchun yangi bo‘lgan xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 847-sonli qaroriga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish taqdimoti o‘tkazildi.

2019-yil 1-apreldan boshlab, O‘zbekiston GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarning avtomatik tarzda ro‘yxatga olish amalga oshiriladi.

Qurilmani avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun mutlaqo haq olinmaydi.

Mahalliy GSM-operatorlar tarmog‘ida o‘zining mobil qurilmasidan foydalanayotgan abonentlardan ularga tegishli qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hech qanday harakatlar talab etilmaydi – ro‘yxatga olish harakatlari tizim operatori va aloqa operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.

Hisobga olish va qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:

— kontrafakt qurilmalarni – ya’ni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani,

— o‘g‘irlanganlik yoki yo‘qotganlik sababidan “qora ro‘yxat”ga kirib qolgan qurilmani,

— bojxona nazoratidan o‘tmagan qurilmalarni.

Telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomining to‘g‘riligini – UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq