Xorazm viloyat hokimligi AKT rivoji uchun 21 milliard soʻm ajratdi
01.04.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan «Hududlarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishda mahalliy davlat hokimlik organlari bilan hamkorlik munosabatlari» mavzuida respublika seminari tashkil etildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida boʻlib oʻtayotgan ushbu tadbirda AKT sohasida hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish, erishilgan natijalarni tizimdagi korxonalar oʻrtasida keng targʻib qilish, soha xodimlarining kasbiy malakasi va bilim darajasini oshirish masalalari koʻrilmoqda.

Seminarning ochilishida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov soʻzga chiqdilar.

– Keng maqsadlarni koʻzlagan mazkur seminar viloyat hokimligi bilan birinchi marotaba oʻtkazilmoqda, – dedi Shuhrat Sodiqov. – Seminar oʻzaro tajribalar almashishga, yangi gʻoyalar tugʻilishiga katta turtki, beradi, deb oʻylayman. Davlatimiz rahbarining tashabbusiga asosan hududlarda yoshlarni boʻsh vaqtlarni mazmunli oʻtkazish, kasb-hunarga oʻrgatish, axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish maqsadida Raqamli texnologiyalari oʻquv markazlari tashkil qilinyapti. Shunday markazlar, Namangan, Sirdaryo, kuni kecha Buxoro viloyatida ochildi. Xorazm viloyatida 2019-2020 yillar davomida ana shunday markazlardan 12 ta tashkil etiladi va bu markazlarda 11 mingdan ziyod xorazmlik yoshlar oʻqitiladi, 1061 ta maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash muassasalari yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulanadi, mazkur maqsadlar uchun qariyb 111 mlrd. soʻm mablagʻ sarflanishi rejalashtirilgan.

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov viloyatda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun mahalliy byudjetdan 21 milliard soʻm ajratilishini aytdi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha hamkorlik yanada kuchayishiga tilak bildirdi.

Shundan soʻng, seminar ishtirokchilari TATU Urganch filialidagi ishlar bilan tanishishdi. Xususan, AKT vaziri va Xorazm viloyati hokimi ishtirokida filialda sport majmuasi, Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar markazi, 200 oʻrinli talabalar oshxonasi ochildi. Talaba-yoshlar turizm, tibbiyot, tijorat, xavfsiz hudud, “Aqlli uy” singari innovatsion loyihalari taqdimotini oʻtkazishdi. Mutaxassislar AT “Aloqabank” bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan asalarchilik faoliyati haqida soʻzlab berishdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov vazirlik tomonidan TATU Urganch filialining Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar markaziga “Damas” avtomobilini sovgʻa qildi.

Vazirlik tomonidan Xorazm viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda Urganch shahridagi 30-maktabda kompyuter texnologiyalari, robototexnika, kibersport boʻyicha maxsus toʻgarak tashkil etilgan. AKT vaziri va viloyat hokimi mazkur toʻgarakda boʻlib, oʻquvchilar bilan suhbatlashishdi, ularga kitoblar sovgʻa qilishdi.

Shuningdek, shu kuni Xiva shahrida Raqamli texnologiyalari oʻquv markazi ochildi. Tadbirda AKT vaziri hamda Xiva shahar hokimi ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari shahardagi Xiva aloqa tarixi muzeyi faoliyati bilan ham tanishishdi.

Ikki kunlik seminar davom etmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq