O`zbekiston Halqaro loyiha boshqaruvi uyushmasiga qo`shildi
31.03.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
O`zbekiston loyiha boshqaruvi uyushmasi (UPMA) Halqaro loyiha boshqaruvi uyushmasining a’zosi bo`ldi. Bu loyiha boshqaruvi bo`yicha O`zbekistonning mutaxassislariga halqaro darajadagi sertifikatlarni berish imkoniyatini yaratadi.
Shunday qilib, O`zbekiston loyiha boshqaruvi uyushmasi tomonidan beriladigan sertifikatlar butun dunyo bo`yicha haqiqiy deb hisoblanadi.
— O`zbekiston loyiha boshqaruvi uyushmasi o`z taqdimotida biz uchun O`zbekistonning beqiyos potensialini ochib berdi. Mamlakatda ko`plab ijobiy o`zgarishlar ro`y berayapti va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan davlat loyihalarini amalga oshirishda loyiha boshqaruvi tizimi joriy etilishining qo`llab-quvvatlanayotganligi mamlakat iqtisodiyotining jadal suratlar bilan o`sishini ta’minlaydi, — deya ta’kidladi IPMA Prezidenti Hesus Martines Almela.
Halqaro loyiha boshqaruvi uyushmasi (International Project Management Association, IPMA) – 1965-yilda Syurix shahrida (Shveytsariya) tashkil topgan notijorat professional uyushma hisoblanadi va u butun dunyo bo`yicha loyiha boshqaruvi sohasida (Project Management) mutaxassilarni birlashtiradi.
IPMAning asosiy maqsadi butun dunyo miqyosida yaratish va barpo etishga qaratilgan faoliyatning barcha yo`nalishlari bo`yicha mutaxassislar, loyiha guruhlar va tashkilotlar vakillarining loyiha boshqaruvi bo`yicha qobiliyatlarini rivojlantirishga ko`maklashish ham hisoblanadi.
1995-yildan boshlab IPMA loyiha boshqaruvi sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlashtirish bo`yicha o`zining 4-pog`onali tizimini rivojlantirib kelayapti. Bugungi kunda IPMA barcha mintaqalardagi loyiha boshqaruvi bo`yicha 70dan ko`proq milliy uyushmalarini birlashtiradi.
O`zbekiston loyiha boshqaruvi uyushmasi (Uzbekistan Project Management Association — UPMA) O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi Milliy agentligining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Respublika biznes va boshqaruv oliy maktabi va Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo`llab-quvvatlash bo`yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi tomonidan 2019-yilning yanvar oyida tashkil etilgan.
UPMAning missiyasi O`zbekistonda loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun professional muhit yaratish va loyiha boshqaruvi sohasida yuqori darajali mutaxassislarni tayyorlash hisoblanadi.