O’zbekiston-Rossiya: kibersport (kompyuter sporti)ni rivojlantirish yangi bosqichga olib chiqiladi
21.03.2019
Rukn: Kompyuter o‘yinlari.
Muallif: .

Kuni kecha Moskva shahridan Toshkentga katta yangi loyihalar va yutuqlar bilan qaytgan O’zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi prezidenti Azizbek Pattaxov va Rossiya kompyuter sporti federatsiyasi vakillari o’rtasida uchrashuv o’tkazildi.

Federatsiyamiz prezidenti Azizbek Pattaxov Rossiya kompyuter sporti federatsiyasi prezidenti Dmitriy Smit bilan birgalikda kibersportni rivojlantirish, yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb qilish, dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqish va hamkorlikda turnirlar tashkil etish to’g’risida ikki tomonlama memorandum imzoladi.

Shuningdek, muzokaralar chog’ida hamkorlik doirasida qilinadigan amaliy ishlar to’g’risida ham bir necha takliflar berildi. Har ikki mamlakatning kibersportdagi salohiyatini oshirish va xalqaro maydonlardagi bahslarga birgalikda hozirlik ko’rish, nafaqat terma jamoa a’zolari, balki, akademiya tarbiyalanuvchilarini xalqaro darajadagi musobaqalarga tayyorlash, ikki tomon kelishuviga ko’ra, o’rtoqlik uchrashuvlari va xalqaro turnirlar tashkillashtirish va o’tkazishda tajriba almashish bo’yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Nafaqat O’zbekiston va Rossiyada, balki, MDH mamlakatlarida ham kibersport ommaviyligini oshirish va ushbu mamlakatlar o’rtasida yirik xalqaro musobaqalarni Toshkentda o’tkazish masalalari ham ko’rib chiqildi. Esports Uzbekistan prezidenti tomonidan ilgari surilgan ushbu taklifni rossiyalik mutassadilar ham qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Muzokaralar jarayonida kibersportni ayollar o’rtasida ham ommalashtirish va ularni ushbu sport turiga jalb etish bo’yicha ham kelishuvlar amalga oshirildi.

Shuningdek, dasturiy ta’minot vositalarini yaratish bo’yicha kibersport o’yinlarini ishlab chiqish dasturi ham kun tartibiga kiritildi. O’yinlar yaratish jarayonida rossiyalik dasturchilar bilan tajriba almashish va ushbu o’yinlarning ommalashuvida Rossiya kompyuter sporti federatsiyasi ham imkon qadar amaliy yordam berishi mumkinligi ta’kidlandi.

Rossiyalik mutaxassis va muhandislarning ulkan tajribasidan foydalanish va o’zaro fikr almashgan holda, yurtimizda zamonaviy, qulay va kibersport rivoji yo’lida uzoq yillar xizmat qiluvchi yirik kibersport arenalarini bunyod etish mavzusida ham kelishuvlarga erishildi. Tashrif chog’ida delegatsiyamiz vakillari MDH mamlakatlari orasida eng muhtasham kibersport arenalaridan biri sanalgan “Yota Arena”da ham bo’lib, arenaning ish faoliyati, hamda, shart-sharoitlari bilan tanishishdi.

Rossiya kompyuter sporti federatsiyasi prezidenti Dmitriy Smit so’nggi vaqtlarda hukumatimiz va shaxsan prezidentimiz tomonidan kibersport (kompyuter sporti)ga qaratilayotgan e’tibor va chiqarilayotgan qarorlar Rossiya kompyuter sporti federatsiyasini ham befarq qoldirmaganligini alohida ta’kidlab o’tdi. Federatsiya prezidenti Rossiyaning hozirda kibersportda qayd etayotgan natijalari ortida bir necha bosqichdan iborat bo’lgan strategik zinapoyalar bo’lganligi va shu bosqichlar qay tarzda bosib o’tganini ta’kidlar ekan, bu borada yurtimiz kibersporti rivoji yo’lida o’z yordam va maslahatlarini ayamasligini qo’shimcha qildi. Federatsiyamiz qilayotgan ishlar va islohotlar, oldiga qo’ygan maqsad va loyihalari Rossiya kompyuter sporti federatsiyasini qiziqtirgani, hamda, ular qilayotgan ishlarimiz kelajakda albatta samara berishini, hamda, hamkorlikda, fikr almashgan holda ishlashlarini ta’kidlab o’tishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq