No‘mon AKBAROV: Shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi kuchaytiriladi
06.03.2019
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Konstitutsiyamizga muvofiq, har bir inson shaxsiy hayot daxlsizligi, o‘z siri, qadri va g‘ururini himoya qilish huquqiga ega. Shuningdek, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga asosan jismoniy shaxslar haqidagi axborot konfidensial ma’lumotlar sirasiga kiradi.

Mazkur qoidalar shundan dalolat beradiki, insonning shaxsiy hayoti haqidagi axborotlarni himoyalash darajasida amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, mazkur ma’lumotlarga nisbatan ularni himoya qilish, tarqatilishining oldini olish, ularni qayta ishlash va saqlashga doir aniq talablar ilgari surilishi lozim. Shaxsiy ma’lumotlar ma’lum shart-sharoit va holatlarda insonning hayot daxlsizligi masalasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi.

Shaxsiy ma’lumotlar nima o‘zi? Odamning biografik ma’lumotlari, yashash manzili, kasallik tarixi, kasbiy bilim va ko‘nikmalari, oilaviy hayoti, odatlari, qiziqishlari, siyosiy va diniy dunyoqarashi hamda ko‘plab boshqa ma’lumotlar jamiyatda aylanayotgan axborotlar oqimining katta qismini tashkil etadi.

Ko‘p holatlarda ushbu ma’lumotlarni taqdim etish inson o‘z shaxsiy manfaatlari doirasida yoki aniq ijtimoiy mavqega erishish, ma’lum bir xizmat turidan foydalanish uchun zaruriy shart bo‘lsagina, amalga oshiriladi. Bu ma’lumotlar insonning roziligisiz tarqatilishi unga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazilishi mumkin. Shuning uchun shaxsiy axborotlar bilan bog‘liq munosabatlar o‘ziga xos huquqiy tartibga solishni talab qiladi.

Tabiiyki, inson ijtimoiy hayotning tarkibiy qismi sifatida boshqa insonlar, tashkilotlar, davlat organlari bilan doimiy munosabatda bo‘larkan, shaxsiy ma’lumotlarini tarqatilmaslik imkoniyati yo‘q. Shu bilan birga, ma’lum bir hollarda qaysi shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish mumkinligini uning o‘zi hal qiladi.

Shu kunlarda Qonunchilik palatasida «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Asosiy maqsad shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir.
Palataning Innovatsion rivojlanish axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan deputatlar mas’ulligida takomiliga yetkazilayotgan qonun loyihasi raqamli texnologiyalar davrida fuqarolarga o‘z shaxsiy ma’lumotlari ustidan nazorat qilish, ulardan foydalanish imkoniyatini soddalashtirish hamda ma’lumotlar himoyasini kafolatlash nazarda tutilgan.

Qonun loyihasida shaxsiy ma’lumotlar jismoniy shaxsning elektron, qog‘oz va boshqa tashuvchi jismda qayd etilgan ma’lumotlar ekanligi belgilanmoqda. Shuningdek, qonunni qo‘llashda shaxsiy ma’lumotlar subyekti, shaxsiy ma’lumotlar bazasi, shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash, shaxsiy ma’lumotlar bazasi operatori, shaxsiy ma’lumotlar bazasi egasi (mulkdori), uchinchi shaxs kabi tushinchalarga oydinlik kiritilmoqda.

Hujjat loyihasida shaxsiy ma’lumotlar masalasida Vazirlar Mahkamasi, vakolatli davlat organining huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashda vaqtinchalik bloklash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tilmoqda. Shaxsiy ma’lumotlar egasi unga tegishli axborotlar to‘liq bo‘lmagan, eski, noaniq, noqonuniy yo‘l bilan olingan, oldindan bildirilgan maqsaddan boshqa maqsad uchun foydalanilayotgan hollarda o‘zining qonuniy huquqlarini himoya qilish zarur, deb hisoblasa operatordan shaxsiy ma’lumotlarini bloklashni talab qilishi mumkin.

Qonun loyihasi amaliyotga tatbiq etilsa, raqamli texnologiyalar davrida fuqarolarning asosiy huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Buning asosiy mazmuni shundaki, fuqarolarga o‘z shaxsiy ma’lumotlari ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng imkoniyat yaratiladi.

No‘mon AKBAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq